Ruslar Kiyevga qaysi tomondan kirishga urinayotgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
28 mart 2022 17971 3 daqiqa
Rossiya qo‘shinlari Ukraina poytaxti Kiyev himoyasini shimoli-g‘arbiy va sharqiy yo‘nalishlarda yorib o‘tishga urinmoqda. Ukraina harbiylari esa hozircha ularni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lyapti. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lum qildi.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari poytaxt yaqinidagi muhim yo‘llar va aholi punktlarini nazorat ostiga olishga harakat qilmoqda. Topolskoye, Kamenka, Suxaya Kamenka aholi punktlari hududlarida mudofaa janglari davom etmoqda.
Qayd etilishicha, Rossiya Qurolli Kuchlarining Gulyaypole va Zaporoje aholi punktlari yo‘nalishi bo‘yicha oldinga siljishi ham to‘xtatilmoqda.
Shuningdek, Avdeyevka yo‘nalishida Ukraina qo‘shinlari Verxnetoretskoye qishlog‘i hududida hujumlar qaytarilayotgani aytilmoqda.
“Umuman olganda, vaziyat nazorat ostida va jiddiy o‘zgarishlarga duch kelmadi”, deyiladi xabarda.
Ukraina Mudofaa vazirligiga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Ukraina Qurolli Kuchlari 17 000 ga yaqin rus harbiylarini yo‘q qilgan.
Shuningdek, 24 fevraldan 28 martgacha bo‘lgan davrda Rossiya armiyasining Ukrainadagi jangovar yo‘qotishlari taxminan: 586 ta tank, 1694 ta zirhli jangovar mashina, 302 ta artilleriya tizimi, 95 ta RSZO, 54 ta havo mudofaa tizimi, 123 ta samolyot, 127 ta vertolyot, 7 kema/qayiq va boshqalardan iborat ekani aytilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
Barchasi