Rossiya Ukraina ustidan havo ustunligini qo‘lga oldi – Mudofaa vazirligi
Olam
−
28 fevral 2022
13766Rossiya harbiylari Ukraina ustidan havo ustunligini qo‘lga olgani aytilmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi Matbuot kotibi Igor Konashenkov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda RBK.
“Rossiya aviatsiyasi Ukrainaning butun hududida havo ustunligini qo‘lga kiritdi”, deydi Konashenkov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, amaliyot boshlangandan beri Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainaning 1114 ta harbiy infratuzilma ob’ektiga zarba bergan.
O‘tgan kun davomida Rossiya aerokosmik kuchlari sakkizta Buk M-1 jangovar texnikasini, S-300 va Buk M-1 havo mudofaa tizimlarini, P-14 stansiyalari bilan uchta radio pozitsiyasini yo‘q qildi. Bundan tashqari, to‘rtta jangovar samolyot yerda yo‘q qilingan va bitta jangovar samolyot havoda urib tushirilgan.
Ular orasida 314 ta tank va boshqa zirhli jangovar mashinalar, 57 ta ko‘p uchuvchi raketa tizimi, 121 ta dala artilleriya va minomyotlari, 274 ta maxsus harbiy texnika, 31 ta qo‘mondonlik punkti va aloqa markazi mavjud.
Konashenkov, shuningdek, rossiyalik harbiylar Energodar va Berdyansk shaharlari hamda Zaporoj atom elektr stansiyasi (AES) atrofidagi hududlarni nazoratga olganini aytdi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi