Rossiya tomoni qaysi shartlar qabul qilinmasa, tinchlik bo‘lmasligini bildirdi
Olam
−
26 mart 2022 27847 3 daqiqa
Ukraina bilan muzokaralardagi Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy jurnalistlarga Ukraina bir qator shartlarni qabul qilmasa, Kiyev bilan shartnoma tuzilmasligini aytdi.
“Biz keng qamrovli kelishuvni talab qilamiz, unda Ukrainaning neytral maqomi va xavfsizlik kafolatlaridan tashqari, Rossiya Federatsiyasi uchun hayotiy pozitsiyalar ham mavjud”, deya ta’kidlagan Vladimir Medinskiy.
Shu bilan birga, u Qrim va Donbass tan olinmasdan, shuningdek, Ukraina davlatini demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilmasdan turib, kelishuv tuzilishi dargumon ekanligiga alohida urg‘u bergan.
Rossiya delegatsiyasi rahbari, shuningdek, ukrainalik hamkasblari muzokaralarni cho‘zish istagida ekanini ta’kidlagan. Medinskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina delegatsiyasi a’zolari vaqt ular uchun ishlayotganiga ishonadi va ularda qaror qabul qilish markazlari ko‘p ekanligini yashirishmaydi.
Avvalroq Ukraina va Rossiya bilan muloqotni davom ettirayotgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Moskvaning 6 ta talabidan 2 tasini qabul qilib bo‘lmas, deya baholagani haqida xabar bergan edik.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
Barchasi