“Raddom”dan yana o‘lik chiqdi

3-sahifa

“Raddom”dan yana o‘lik chiqdi north_east

“Raddom”dan yana o‘lik chiqdi

Joriy yilning 20 iyun kuni Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi tug‘ruq majmuasiga, xalq tili bilan aytganda, “yangi ToshMI”ga o‘z oyoqlari bilan borgan 30 yoshli Gulnora Miraminova 5 iyul kuni vafot etdi va uning o‘ligi yaqinlariga topshirildi. QALAMPIR.UZ holatni o‘rgandi.

Marhumaning qaynonasi Zarifa Vahobovaga ko‘ra, 27 iyun kuni kelinining ko‘zi yorishi kerak bo‘lgan, biroq to‘lg‘oq 20 iyunda boshlangan.

“Olib borsak, tayyor tug‘ishga, deyishdi. Kirgizdik, kirib ketdi. Bir soatlarga bordi-bormadi. Yarim soatdan oshgandan keyin kelinim yaxshi tuqqandirki, o‘zi telefon qilib, “Oyijon, nabirali bo‘ldingiz”, dedi Gulnora kelinim. Endi u yerda biz, xo‘jayinim turibdilar, o‘g‘lim, qizim, nabiram, hammamiz shunaqa xursand bo‘ldik. “Ikkinchisiga yana o‘g‘il berdi Allohim, deb Allohga shukurlar qilib xursand bo‘ldik”, deydi onaxon.

Biroq uch kunlik xursandchilik to‘rtinchi kunga borganda puchga chiqa boshladi. 20 iyun kuni ko‘zi yorigan Gulnora Miraminovaga 24 iyun kuni ruxsat berishlari kerak bo‘lgan, biroq birdan unda isitma chiqa boshlaydi. Ayolga ikki kun isitma chiqmay tursa, uchinchi kun javob berishlarini aytishgan. Biroq uchinchi kunga kelganda yana harorat yuqorilagan.

Zarifa Vahobova (Marhumaning qaynonasi)

“Isitmasi 38, 39, 40 gacha chiqdi. Keyin u yerdagi doktorlar “Buni ichida nimalardir qolib ketgan, tozalaymiz. Ikki kun isitmasi chiqmay tursa, uchinchi kuni uyiga javob beramiz”, deyishdi. Ikki kun isitmasi chiqmay turadi, uchinchi kuni paqillatib yana isitmasi chiqdi”, deydi Zarifa Vahobova.

Shuningdek, marhumaning oila a’zolari Gulnora Miraminovaga narkotik dorilar ishlatilganini aytdi.

“O‘sha paytda o‘lib bo‘lgan ekan bechora kelinim, bizga esa dorilar so‘rab, o‘g‘lim bechora dorixonaga borsa, “Nimaga bu dorilarni olyapsizlar?” debdi. “Bu narkomanlarning dorisini nimaga olyapsiz?” dedi. “Kimga o‘zi?” deb so‘rabdi. “Voy, mana shunaqa, xotinim tuqqan edi, mana shunaqa reanimatsiyaga tushib qolgan edi”, dedi. Yo‘q, borib o‘g‘lim aytibdi: “Voy, bu mana shunaqa deyapti, aka, narkomanlarniki ekan. Gap pulida emas, hozir olib borib beraman”. O‘g‘lim o‘ziga to‘q bola, Xudoga shukur. “Olib borib beraman”, desa, “Yo‘q, biz bir past miyasini unaqa qilib turishimiz kerak, uxlatib qo‘ymasak bo‘lmaydi miyasini, miyasini o‘chirib turish kerak”, deyishgan. Keyin, mayli, keyin yana unaqa bo‘lib qolmasin, deb uni ham olib borib bergan o‘g‘lim”, deydi onaxon.

Marhumaning qaynotasiga ko‘ra, doyalar Gulnora Miraminovaga suyunchi puli kam berilganini aytib, shikoyat qilgan. 

“Tuqqan kuni soat 2:30 da olib borgan bo‘lsa, soat 3:00 lardan oshganda tuqqan. Qaynonasi darrov o‘sha tug‘dirgan ayolga, yordamchisiga suyunchi puli beribdi. Lekin tug‘dirgan ayol kelinimga kirib aytibdi: “Qaynonang menga kam pul berdi”, debdi. “Unga ko‘p berdi, menga kam”.  Ana u yordamchisi ham: “Menga ham kam berdi”, debdi. Davlatdan pul olyaptimi? Oylik olyaptimi? Kimdir berar. Umuman bermasa, o‘rnidan turib, urib ketar ekanmi kelinimni? Shunaqa bo‘ladimi? “Qaynonang menga pul bermadi, suyunchi pulini”, deb shunga keladimi?” deydi qaynota.

Мансuржон Мираминов (Marhumaning qaynotaси)

Holatga bir necha kundan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan, hamon marhumaning yaqinlariga o‘lim sababi ochiqlanmagan.

“Diagnoz qo‘yib aytmadi. “Mana bu narsadan aniq o‘libdi”, deganini aytgani yo‘q. Lekin o‘sha qog‘ozini bugun o‘g‘lim borib so‘rasa, aytibdiki: “Yo‘q, bu faqat doktorlarning o‘ziga beriladi, sizlarga berilmaydi”. Nimaga haqqimiz yo‘q? Biz nimadan o‘lganini bilishimiz kerakmi? To‘g‘rimi? Yo‘q, shu paytgacha hali “roddom”da ham, unisi ham, bunisi ham “mana bu kasaldan o‘ldi”, degani yo‘q”, demoqda ular.

Holat yuzasidan ma’lumot olish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasi Ko‘p tarmoqli klinikasiga borganimizda Gulnora Miraminovaning o‘limi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha shifokorlar prokuraturaga chaqirilgani aytildi va oradan ikki soatga yaqin vaqt o‘tgandan so‘ng Tug‘ruq masalalari bo‘yicha bosh shifokor muovini Aziz Umarov biz bilan uchrashib, marhuma haqida ma’lumot berdi.

Shifokorga ko‘ra, haqiqatdan ham marhuma Miraminova Gulnora 20 iyun kuni Toshkent tibbiyot akademiyasining Ko‘p tarmoqli klinikasining tug‘ruq kompleksiga to‘lg‘oq vaqti kelgan. O‘g‘il farzand, 4 kg 200 grammlik chaqaloq dunyoga kelgan. Tug‘ruq paytida hech qanday patologik o‘zgarishlar, ya’ni qon ketish, yirtilish yoki bolada hech qanday muammo bo‘lmagan.

“Hamma muammoning boshlanishi ertasi kuni isitma chiqishidan boshlagan. Demak, bemorda isitma chiqib, UZI qilinganda bachadonda qon yig‘ilishi, ya’ni “gematometra” tashxisi qo‘yilgan va 23-sanada tozalangan. Shu bilan birga, antibakterial davo ham boshlangan. “Endometrit” va “gematometra” tashxislari qo‘yilgandan keyin kerakli antibakterial davo, bachadonni qisqartiruvchi dorilar – hammasi boshlangan. Shunga qaramasdan, 26-sanada bachadonda yana qon yig‘ilib qolish alomatlari, ya’ni UZIda ko‘ringandan keyin, albatta, yana qayta tozalashgan. Bir necha kundan keyin bemorning qov sohasida, oyog‘ida yaralar paydo bo‘lgan. Shu sababli bu bemorni kojvenerolog, yiringli jarroh, infeksionist ko‘rgan va “toksikodermiya” hamda “surunkali piodermiya” tashxisi qo‘yilgan va tegishli davo choralari boshlangan.

29-sanada shunday bo‘lgan bo‘lsa, 30-sana va keyingi oyning 1-sanasidan keyin bemorda isitma bo‘lmagan. Bemor ginekologiya bo‘limida davolangan va bemorda 4-sanada soat 12:00 da klinik o‘lim belgilari paydo bo‘lgan. Reanimatsion chora-tadbirlardan keyin yurak-qon tomir tizimi faoliyati qayta tiklangan va bemor reanimatsiya bo‘limida nazoratda bo‘lgan. 5-sanada qayta yurak-qon tomir tizimi faoliyati to‘xtagan, reanimatsion choralar qilinishiga qaramasdan, bemorda klinik o‘lim qayd etilgan”, dedi shifokor.

Aziz Umarov

Ular marhumaning o‘limiga asosiy sabab sifatida “o‘pka arteriyasining tromboemboliyasi” tashxisini qo‘ygan.

“Demak, bu kasallik shunday bir kasallikki, buni oldindan ko‘ra bilish juda qiyin. Bu sodir bo‘lgandan keyin biz ham qayerda tromb bor ekan, deb dupleks tekshiruvlari qilib, mutaxassislarni olib kelib ko‘rdik. Demak, qo‘l venalarida 9 santimetrlik tromblar hosil bo‘lgan. Bu trombning eng yomon narsasi – u ko‘chsa, boshqa organlarga borib tiqiladi. Bizning holatimizda, demak, shu ko‘chib, ya’ni yurgan ayol bu. Deylikki, bir to‘shakda yotgan, boshqa narsa emas, ayol soppa-sog‘lom, ya’ni sog‘lom deganda, aktiv, muomalaga kirishadigan, bemalol gapiradigan, aqli-hushi joyida, ya’ni bolasiga qarab yurgan ayol bo‘lgan. Demak, bu ko‘chgandan keyin birdaniga o‘pkasiga, o‘pkaning yirik tomiriga tiqilgandan keyin shunaqa holat bo‘ladi. Odam yiqilib, yurak va nafas tizimi buziladi”, dedi Aziz Umarov.

Ma’lum qilinishicha, eng asosiy xulosani beradigan bu patologoanatomik, ya’ni gistologik tekshiruv. Onalar va bolalar o‘limining har biri gistologik, patologoanatomik tekshiruvdan o‘tishi shart. Buni javobi keyingi hafta chiqadi.

“Murdani ochgandan keyin gistologiya qilishadi, bakteriologik tekshiruvlar qilishadi, undan slaytlar tayyorlab mikroskopda ko‘rishadi. O‘shandan keyingina aniq sababi chiqadi. Prokuratura ham, doktorlar ham – hammasi shunga qarab o‘z ishini qiladi, xulosasini ham beradi”, dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

o'lik Raddom ToshMI

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing