Ozarbayjon Prezidenti mamlakat armiyasi haqida muhim ma’lumotlarni ochiqladi
Olam
−
25 Oktabr 2020
11496Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Fransiyaning Le Figaro gazetasiga bergan intervyusida Rossiya mamlakat uchun asosiy qurol yetkazib beruvchisi ekanligini aytdi. Bu haqda davlat rahbari rasmiy saytida e’lon qilindi.
“Biz ko‘plab mamlakatlardan qurol-yarog‘ sotib olamiz. Bizga harbiy texnika Turkiya va Isroil tomonidan yetkazib berilmaydi. Biz qurol oladigan davlat – Rossiya. Ammo Armanistondan farqli o‘laroq, biz Rossiyadan sotib olingan qurollar uchun pul to‘laymiz. Armaniston Rossiyadan qurollarni bepul sotib oladi. Shuningdek, qurollarni Eron, Ukraina, Belarusdan sotib olamiz. Bugun biz armiyamizga hududiy yaxlitligimizni tiklashda yordam beradigan zamonaviy qurollarni sotib olish imkoniyatiga egamiz”, dedi Aliyev.
Ilhom Aliyev, shuningdek, Ozarbayjon o‘z hududiy yaxlitligini mustaqil ravishda tiklayotganini ta’kidlab o‘tgan.
“Tabiiyki, mintaqamizdagi har qanday davlat qurol sotib oladi. Dunyoning hamma davlatlari ham o‘zlarini qurol-yarog‘ bilan 100 foiz ta’minlay olmaydi. Bu yerda ajablanarli holat yo‘q. Biz qurol uchun pul to‘laymiz, yaxshi qurollarni sotib olamiz. Ammo hududlarni askarlar, jang maydonlarida o‘z vazifalarini bajarayotgan odamlar ozod qilmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Aliyev.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon va Armaniston Rossiya vositachiligida sulhga erishdi. Ammo bu sulhning umri bir necha soat davom etdi. Keyinroq, tomonlar yana o‘t ochishni to‘xtatishga qaror qildi. Bu safar ham bu rejim uzoqqa bormadi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo‘shma bayonot e’lon qildilar.
LiveBarchasi