Olmaota aeroportida erkak o‘ziga o‘t qo‘ydi (video)
Olam
−
26 avgust 2025 11951 2 daqiqa
Kecha, 25 avgust kuni soat 22:06 da Qozog‘istondagi Olmaota aeroportining “T-1” terminalidagi kassa yonida bir kishi o‘zini yoqib yuborishga urindi. Bu haqda Transport departamenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, politsiya xodimlari aeroport xavfsizlik xizmati bilan birgalikda zudlik bilan xavfsizlik choralarini ko‘rdi.
“Ular yong‘inni o‘chirdi va tez yordam chaqirdi”, deyiladi xabarda.
Erkak shahar shifoxonasiga yetkazilgan. Mazkur holat yuzasidan transport politsiyasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, hodisaning barcha sabablari va holatlari aniqlanmoqda.
“Ushbu hodisa aeroport faoliyati bilan bog‘liq emas va aeroport faoliyatiga ta’sir qilmadi. Olmaota xalqaro aeroporti normal rejimda ishlamoqda”, deya voqeaga izoh berdi aeroport matbuot xizmati.
Politsiya Olmaota aeroportida o‘t qo‘yishga urinishning dastlabki sabablarini aytdi. Bildirilishicha, bu ishga erkak va uning turmush o‘rtog‘i o‘rtasidagi shaxsiy nizo sabab bo‘lgani dastlabki tarzda aniqlangan. Voqea bo‘yicha barcha holatlar tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanadi.
Olmaota sog‘liqni saqlash departamenti matbuot xizmati bugun, 26 avgust kuni jabrlanuvchi 4-sonli shahar klinik shifoxonasiga yetkazilgani va jonlantirish bo‘limiga yotqizilgani haqida xabar berdi.
“Uning ahvoli o‘ta og‘ir. U Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining klinik protokoliga asosan to‘liq davolanmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 mart kuni Olmaota aeroportida erkak hujjatlarini ko‘rsatishni so‘ragan tekshiruv xodimasini sochidan tortib ushlab, unga pichoq bilan tahdid qilgandi. U shuningdek, o‘zida bomba borligi va uni portlatmoqchi ekanini aytgandi. Bu 67 yoshli Mashrabbek Baratov bo‘lib, uni Musa Sayranbayuli Abdurayim ismli yo‘lovchi zararsizlantirgan. U Baratov bilan suhbatlashib, o‘zini ayol o‘rniga garovga olishni taklif qilgan, bir muddat e’tiborini chalg‘itgan, so‘ng esa keskin harakat bilan pichoqni tortib olgan. O‘sha kuni, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev farmoni bilan Musa Sayranbayuli Abdurayim “Mardligi uchun” medali bilan taqdirlangan. Baratov esa sud hukmi bilan 11 yil yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Live
Barchasi