NKMKda halok bo‘lgan ishchilar shinalarni ta’mirlayotgan bo‘lgan – kombinat
3-sahifa
−
12:41 1500 2 daqiqa
Avvalroq, QALAMPIR.UZ Navoiy kon-metallurgiya kombinatida avtoag‘dargich shinasi portlashi oqibatida 2 kishi halok bo‘lgani haqida ma’lumot bergan edi. Mazkur hodisada halok bo‘lgan ishchi xodimlar quvur tashuvchi avtomashinaning tirkamasida shinomontaj ishlarini amalga oshirayotgan bo‘lgan. Bu haqda kombinat axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa joriy yilning 10 sentyabr kuni soat 15:00 larda “Qizilqum” kon boshqarmasi Avtomobil transporti boshqarmasining “Pistali” 1-transport sexida sodir bo‘lgan. Sexning foydalanishda bo‘lgan avtomobil shinalarini saqlash maydonida quvur tashuvchi avtomashinaning tirkamasida shinomontaj ishlarini bajarish ishlari olib borilayotgan bo‘lgan.
Shu vaqtda baxtsiz hodisa sodir bo‘lib, shinalar yorilgan hamda buning oqibatida 2 nafar ishchi xodim vafot etgan.
Bildirilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, nazorat qiluvchi davlat tashkilotlari tomonidan maxsus tekshirish olib borilib, baxtsiz hodisaning sodir bo‘lish holatlari va kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.
“Kombinatning mas’ul tegishli xizmatlari xodimlari tomonidan bunday baxtsiz hodisalarning oldini olish yuzasidan zaruriy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”, deyiladi munosabatda.
Shu bilan birga, NKMK axborot xizmati vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, kombinatda bunday baxtsiz hodisalar tez-tez sodir bo‘ladi. Xususan, joriy yilning 22 iyul kuni Navoiy viloyatidagi “Muruntov” konida “BelAZ” rusumli avtoag‘dargich va Toyota rusumli xizmat avtomashinasi ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki nafar ishchi-xodim halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi