Kurs UZS

USD

12 947.20

26.76

EUR

14 222.50

-30.04

RUB

153.38

-0.14

Mirziyoyev Markaziy Osiyo yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 aprel kuni “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida ishtirok etish uchun Samarqand shahriga kelgan Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarlarining matbuot xizmatlari xabar berdi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevga Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning samimiy salomini yetkazdi.

“O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 1,1 milliard dollardan oshgan tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, O‘zbekiston va Turkmaniston orasida sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Birgalikda “Shovot - Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda. Faol hududlararo muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuv doirasidagi tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar va ko‘p tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, keng qamrovli hamkorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuvda esa ikki davlat yetakchilari 31 mart kuni Xo‘jand shahrida davlat rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvi samarali bo‘lgani hamda davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida tarixiy shartnoma imzolanganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.

Ma’lum qilinishicha, oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari, xususan, sanoat, transport, energetika va infratuzilma sohalarida muhim kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish choralari ko‘rib chiqilgan.

Davlat rahbarlari faol hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish zarurligini ta’kidlagan. Bo‘lajak tadbirlar rejasi va mintaqaviy hamkorlikning boshqa dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan o‘tgan muzokaralarda ham  joriy yil 31 mart kuni Xo‘jand shahrida o‘tgan oliy darajadagi uch tomonlama uchrashuvning tarixiy natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

“Chegara masalalarining to‘liq tartibga solinishi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda yangi sahifa ochishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Shu oyda bo‘lib o‘tadigan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishida tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhimligi qayd etilgan.

Yetakchilar mintaqaviy kun tartibidagi masalalarni, shuningdek, ikki va ko‘p tomonlama tadbirlarga tayyorgarlikni muhokama qilgan.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashuvda O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini ikki davlat rahbarlarining yaqinda Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan norasmiy uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni hisobga olgan holda yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat hukumatlari tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, iqtisodiy loyihalar va gumanitar dasturlarni, shu jumladan hududlar darajasida ilgari surish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rishi muhimligi ta’kidlandi.

Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirish jarayonini tezlashtirish to‘g‘risida kelishib olindi. Shuningdek, mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi, oliy darajadagi tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 2 aprel kuni "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" formatidagi birinchi oliy darajadagi sammitda qatnashish uchun Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandga yetib borgandi. Mirziyoyev kecha, 2 aprel kuni kechqurun Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta bilan, bugun, 3 aprelda esa Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Oliy darajadagi O‘zbekiston-Yevropa muzokaralari yakunida birgalikda daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mirziyoyev, Koshta va fon der Lyayen Samarqand shahridagi Kongress markazi xiyobonida ikki tup eman ekdi. Yetakchilar Samarqand Xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasida ham bo‘ldi.

Bugun, 3 aprel kuni esa Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham Samarqandga keldi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Markaziy Osiyo – Evropa Ittifoqi Sadir Japarov Serdar Berdimuhamedov Samarqand sammiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing