Medvedev Ukraina Moskvaning shartlariga ko‘nmasa, nima bo‘lishini aytdi

Olam

image

Ukraina G‘arb ta’siri ostida Rossiya Federatsiyasi bilan muzokaralarda real pozitsiyalardan uzoqlashdi va muloqotni to‘xtatdi, bu esa mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish imkoniyatlarining pasayishiga olib keladi. Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev shunday fikr bildirdi.

“Imkoniyatlar, afsuski, yaxshilanmayapti, aksincha, yomonlashmoqda”, deydi u “Al-Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal qilish istiqbollari haqidagi savolga javob berar ekan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “bir muncha vaqt avval Ukraina go‘yoki asosiy masalalar bo‘yicha nisbatan real pozitsiyadan kelishib olish istagini ko‘rsatgan.

Medvedevning ta’kidlashicha, bu pozitsiya voqeliklarni tan olishda namoyon bo‘lgan. Bular hududiy haqiqatlar (Qrim bilan nima sodir bo‘ldi, Donbass bilan nima bo‘ldi), va xalqaro tashkilotlar, shu jumladan harbiy bloklar bilan bog‘liq haqiqatlar.

“Boshqacha qilib aytganda, NATOda ishtirok etishdan bosh tortish va bu yo‘nalishda neytral siyosat yuritish, shuningdek, qisman demilitarizatsiya qilish va boshqa bir qator muhim, bizningcha, muhim ishlarni amalga oshirish”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Medvedevga ko‘ra, qaysidir bir davrga kelganda Kiyev Vashington va Bryusseldan kelayotgan chaqiriqlar ta’sirida muzokaralarni to‘xtatgan. Oqibatda vaziyat yomonlashgan.

Uning fikricha, hozir “vaziyat butunlay boshqacha ssenariyda rivojlanmoqda”.

“Ya’ni, aslida, “maxsus harbiy operatsiya”ning yanada rivojlanishi kuzatilmoqda. Garchi ularda bu borada biz bilan kelishishga harakat qilish yoki urinib ko‘rish imkoni bo‘lgan. Bu nima bilan tahdid qiladi? Nima bilan ekani aniq. Afsuski, bu ham qurbonlar, ham vayronagarchiliklar bilan bog‘liq va oxir-oqibat Ukraina sodir bo‘layotgan voqealar natijasida qo‘shimcha hududlarni yo‘qotishi mumkin. Oxir oqibat, bu Ukrainaga tahdid soladi –kelishishga rozi bo‘lishdan bosh tortish, aslida bitta narsa, milliy suverenitetni yo‘qotish bilan xafli”, deydi Medvedev.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

141

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing