Kiyev va Moskva delegatsiyalarining olti soatlik muzokaralari yakunlandi
Olam
−
28 fevral 2022
28654Bugun, 28 fevral kuni Moskva va Kiyev delegatsiyalari Belarusdagi muzokaralarning birinchi bosqichini yakunladi. Bu haqda Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ma’lum qildi. Uning bayonotini Belarusning BELTA axborot agentligi tarqatdi.
Muzokaralar olti soat atrofida davom etgan. Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, muzokara maqsadi Ukrainada o‘t ochish va harbay harakatlarni to‘xtatish bo‘lgan.
“Tomonlar ustuvor mavzularni belgilab oldi, muayyan yechimlar belgilandi. Ularni amalga oshirish uchun tomonlar o‘z poytaxtlarida maslahatlashish uchun jo‘nab ketishadi”, degan Podolyak.
Uning qo‘shimcha qilishicha, delegatsiyalar yaqin kelajakda muzokaralarning ikkinchi bosqichini o‘tkazish imkoniyatlarini ham muhokama qilgan.
Rossiya delegatsiyasi rahbari, Prezident maslahatchisi Vladimir Medinskiyning aytishicha, tomonlar “umumiy pozitsiyalarni bashorat qilish mumkin bo‘lgan ba’zi nuqtalarni topgan”. Delegatsiyalar o‘z mamlakatlari rahbarlari bilan maslahatlashib, yaqin kunlarda muzokaralarni davom ettiradi. Keyingi uchrashuv Polsha-Belarus chegarasida bo‘lib o‘tadi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi