Xalq ta’limi vaziri uzr so‘rashga majburlangan o‘qituvchilar bilan uchrashdi
Jamiyat
−
13 fevral 2022 10252 2 daqiqa
Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov Andijon viloyatining Marhamat tumanida ota-onalar oldida bosh egib, uzr so‘rashga majbur qilingan o‘qituvchilar bilan uchrashdi.
Vazir o‘qituvchilar bilan suhbatlashib, bugun ularning obro‘si va qadr-qimmati davlat siyosati darajasidagi muhim masala ekanligi va ularni obro‘sizlantirishga hech kim haqli emasligini qayd etgan. U yuz bergan holatni ustoz sha’nini yerga urish deb baholagan.

“Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchilarni ulug‘lash masalasini Davlat siyosatining eng yuqori darajasiga olib chiqib, o‘qituvchi jamiyatimizning eng hurmatli insoni bo‘lishi ekanligini doimiy ravishda ta’kidlab kelmoqda. Shunday ekan, o‘qituvchini hafa qilishga hech kimning haqqi yo‘q. O‘qituvchi qadrlanmagan yurtning ertasi bo‘lmaydi. Shunday ekan, bugun har birimiz, hattoki o‘qituvchilarning o‘zi ham sha’ni va obro‘sini oshirish uchun harakat qilishi zarur”, degan Baxtiyor Saidov o‘qituvchilar bilan uchrashuvda.
Uchrashuv so‘ngida o‘qituvchilarning fikrlarini tinglagan vazir ular bilan maslahatlashgan holda mazkur holatga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga albatta chora ko‘rilishiyei alohida aytib o‘tgan.

Joriy yilning 8 fevral kuni Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida bosh egib, kechirim so‘rashga majbur qilingani haqida xabar bergan edik.
9 fevral kuni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov holatga munosabat bildirib, o‘qituvchilardan uzr so‘radi.
Qolaversa, Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov Marhamat tumanida o‘qituvchilarni o‘quvchilarning ota-onasidan uzr so‘ratish tuman hokimi Boburjon Yo‘ldoshevning tashabbusi bo‘lganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari va ota-onalar yig‘ilishi Marhamat tumani hokimidan chiqqan tashabbus bo‘lib barcha maktablarda o‘tkazishga topshiriq berilgan. Shu sababdan XTB boshlig‘i tuman hokimining mazkur holat bo‘yicha shaxsan o‘zining munosabat berishini qat’iy talab qilgan.
Qayd etish joizki, Xalq ta’limi vazirligi Marhamat tumanidagi holat yuzasidan o‘rganish natijalariga qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborgan.
Live
Barchasi