Javelin, Switchblade... Pentagon Ukrainaga qanday qurollar berilishini ochiqladi
Olam
−
14 aprel 2022 8511 3 daqiqa
Pentagon 800 million dollarlik yangi harbiy yordam paketi doirasida Ukraina qanday qurollar olishiga aniqlik kiritdi. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirligi saytida xabar qilingan.
Ta’kidlanishicha, yordam, xususan, 155 millimetrli 18 ta gaubitsa, 40 ming o‘q-dori, 500 ta Javelin tankga qarshi raketasi, 200 ta M113 zirhli transport vositasi, 300 ta Switchblade droni, 11 ta Mi-17 vertolyoti kabilardan iborat.
Pentagon rasmiy vakili Jon Kirbining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina yangi yordam paketi doirasida AQSH harbiy-dengiz kuchlaridan masofadan boshqariladigan qirg‘oq mudofaa kemasini oladi. Bortda odamlarning bo‘lishini talab qilmaydigan va masofadan boshqariladigan bunday kemalar odatda minalarni qidirish va yo‘q qilish, razvedka qilish, suvosti kemalarini qidirish va qirg‘oq suvlarini nazorat qilish uchun ishlatiladi.
Kirbining so‘zlariga ko‘ra, katta ehtimol bilan ukrainalik harbiylarga berilayotgan qurollardan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlar kerak bo‘ladi. Unga ko‘ra, tegishli treninglar “juda tez” tashkil etiladi.
Kirbining ta’kidlashicha, gap Ukraina Qurolli Kuchlarining alohida vakillarini NATOning Yevropa bazalariga o‘qitish uchun jo‘natish, so‘ngra ularni Ukrainaga qaytarish va barcha harbiy xizmatchilar uchun ommaviy mashg‘ulotlar o‘tkazish haqida bormoqda.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr