Isroil-Falastin o‘rtasidagi ziddiyat YeIda kelishmovchiliklarga sabab bo‘ldi – “Politico”
Olam
−
10 Oktabr 2023 14266 2 daqiqa
Isroil va Falastin o‘rtasidagi ziddiyat Yevropa Ittifoqida kelishmovchiliklarga sabab bo‘ldi. Bu haqda “Politico” nashri yozdi.
“Isroil-Falastin Yevropa Ittifoqidagi eng ziddiyatli masalalardan biri. Ushbu mojaro bo‘yicha Yevropa ichidagi bo‘linishlar deyarli mojaroning o‘zi kabi eskidir”, deydi nashrga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Yevropa Ittifoqi rasmiysi.
Eng dolzarb bahs Yevropa Ittifoqining mintaqaga moliyaviy yordami oqimi bilan bog‘liq.
Shu tariqa, Yevropaning kengayishi va qo‘shnichilik siyosati bo‘yicha komissari Oliver Varxeli kecha, 9 oktyabr kuni Yevrokomissiya Falastin ma’muriyatiga 691 million yevrolik yordam ajratilishini to‘xtatib, barcha loyihalarni ko‘rib chiqishni boshlashini, barcha to‘lovlar esa darhol muzlatilishini ma’lum qilgan.
Bir necha soat o‘tgach, Yevropa Ittifoqining bosh diplomati Jozep Borrel Komissiya to‘lovlarni to‘xtatib qo‘ymasligini, chunki butun Falastin xalqini jazolash Yevropa Ittifoqining mintaqadagi manfaatlariga putur yetkazishi bildirgan.
“Politico”ga ko‘ra, Yevropa komissarlarining turli bayonotlari a’zo davlatlarning kayfiyatini aks ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.
Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Shuningdek, HAMAS asirga olingan isroilliklardan AQSH va Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda foydalanishni rejalashtirmoqda.
Hozirda G‘azo sektorida 187 mingdan ortiq aholi o‘z uylarini tashlab ketdi. Ikki tomondan qurbonlar soni 1600 dan oshgan.
Live
Barchasi