Isroil 369 falastinlikni ozod qildi
Olam
−
15 fevral 2785 2 daqiqa
Bugun, 15 fevral kuni Isroil 369 falastinlik mahbusni ozod qilishni boshladi. Bu harakat G‘azo sektorida ushlab turilgan uch nafar isroillik asirning ozod qilinishiga javoban amalga oshirilmoqda. Bu haqda “Al-Jazeera” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu mahbuslar Isroil tomonidan asossiz ayblovlar yoki sud hukmisiz qamoqda saqlangan. Ushbu almashinuv sulh tuzilgandan beri eng yirik ozodlik operatsiyasi hisoblanadi.
Mahbuslarning aksariyati G‘azoda hibsga olingan va yana o‘sha yerga qaytariladi. Mahbuslarning 10 nafarga yaqini bosib olingan G‘arbiy Sohilga, biri bosib olingan Sharqiy Quddusga, qolganlari esa Misr orqali boshqa qabul qiluvchi davlatlarga jo‘natiladi.
Ushbu jarayondan olingan kadrlarda G‘arbiy Sohilga yetib kelgan falastinlik mahbuslarni qarindoshlari va ularni quvonch bilan kutib olgani ko‘rinadi. Eng diqqatga sazovor ozod qilingan shaxslar orasida 48 yoshli Ahmad Barguti ham bor. U mashhur falastinlik siyosiy arbob Marvon Bargutining yaqin maslahatchilaridan biri sanaladi.
HAMAS harakati ozod qilgan 3 nafar asir – amerika-isroillik Sagui Dekel-Chen, rossiya-isroillik Aleksandr Sasha Trufanov va argentina-isroillik Yair Horn – Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasi a’zolariga topshirilgan. Ushbu jarayon G‘azoning janubidagi Xon Yunus shahrida o‘tkazilgan.
Dekel-Chen, Trufanov va Horn qo‘yib yuborilish sertifikatlari va Falastin xaritasini ko‘tarib olishgan. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tish va oilalari bilan uchrashish uchun Isroilga qaytarilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 16 yanvar kuni Isroil, HAMAS, AQSH va Qatar vakillari Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni rasman imzolagandi. Kelishuv 19 yanvar kuni kechqurun kuchga kirdi va HAMAS uch nafar shaxsdan iborat birinchi asirlar guruhini ozod qildi. Isroil esa 90 falastinlik mahbusni ozod qilgan. 25 yanvar kuni sulh kelishuvining birinchi bosqichi doirasida asir almashishning ikkinchi raundida G‘azo sektorida saqlanayotgan to‘rt nafar isroillik ayol evaziga Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 200 nafar falastinlik ozod qilindi. 1 fevral kuni HAMAS garovdagi 3 nafar isroillikni, Isroil esa 83 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi. Shuningdek, 8 fevral kuni HAMAS garovga olinganlarni almashish bo‘yicha kelishuvning beshinchi bosqichi doirasida Qizil Xochga uch nafar garovga olingan isroillikni topshirdi. Isroil esa HAMAS 183 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi.