Eron TIV rahbari Qatar va Turkiyaga boradi
Olam
−
31 Oktabr 2023 4385 2 daqiqa
Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon mintaqaviy maslahatlashuvlarning navbatdagi bosqichida qatnashish uchun Qatar va Turkiyaga boradi. Bu haqda uning siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Ali Bakri ma’lum qildi.
IRNA agentligining yozishicha, Eron TIV rahbarining Qatar va Turkiyadagi uchrashuvlari va muhokamalari “Falastindagi so‘nggi voqealarga bag‘ishlanadi”.
“Qatarga tashrifidan so‘ng (bugun, 31 oktyabr kuni boshlanadi) Abdullohiyon Turkiyaga boradi va u yerda mamlakat rasmiylari bilan uchrashadi hamda Falastindagi vaziyatni muhokama qiladi”, deydi vazir o‘rinbosari.
Ma’lumot uchun, oldinroq Eron Tashqi ishlar vazirligi Eron va Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirlarining telefon orqali suhbati bo‘lib o‘tgani, unda ular Falastin-Isroil mojarosi zonasidagi so‘nggi voqealarni muhokama qilgani hamda zudlik bilan mintaqaviy va xalqaro choralar ko‘rish, tinch aholiga hujumlarni to‘xtatish va insonparvarlik yordamining uzluksiz yetkazilishini ta’minlash, shuningdek, G‘azoliklarning majburiy migratsiyasiga qarshi turish zarurligini ta’kidlagani haqida xabar bergan.
Eslatib o‘tamiz, G‘azoda vaziyat taranglashuvi fonida Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon mintaqa bo‘ylab safar qilishni boshlagan edi. U Iroqda Bosh vazir Muhammad al-Sudaniy bilan, Livanda “Hizbulloh” yetakchisi Shayx Hasan Nasrulloh bilan uchrashdi. Abdullohiyon Eron Isroilga va AQSHga qarshi yangi frontlar ochishi mumkinligini aytdi. Shuningdek, u BMT Bosh Assambleyasining navbatdan tashqari sessiyasida so‘zlagan nutqida G‘azodagi qotilliklar davom etsa, uning alangasi boshqalarni ham kuydirishidan ogohlantirdi.
Live
Barchasi