Dunyoda har yili necha gektar o‘rmon yo‘qolayotgani aytildi

Olam

image

Iqlim o‘zgarishi tufayli Yer yuzidagi o‘rmonlar jiddiy xavf ostida qolmoqda. Bu haqda BMT Axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasiga kiruvchi mamlakatlar hududida – Yevropa, Shimoliy Amerika, Kavkaz va Markaziy Osiyoda 1,76 milliard gektardan ortiq o‘rmon mavjud bo‘lib, bu dunyo o‘rmonlarining 40 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.

Mintaqada o‘rmon maydoni 60 million gektarga oshgan bo‘lsa-da (eng katta o‘sish Yevropa va Markaziy Osiyoda qayd etilgan), dunyo bo‘ylab teskari tendensiya kuzatilmoqda – har yili qariyb 10,9 million gektar o‘rmon yo‘qolmoqda.

Yuqori harorat tufayli o‘rmon yong‘inlari va qurg‘oqchilikning ko‘payishi, namlikning kamayishi va zararkunandalar bosimi sababli tanqidiy holat yuzaga kelgan. Masalan, 2021 yilda o‘rmon yong‘inlari 12,6 million gektar o‘rmonni yo‘q qilgan – bu Gretsiya hududiga teng maydon. Yana 73 million gektar o‘rmon (Ispaniya va Portugaliya maydoni yig‘indisiga teng) hasharotlar va kasalliklardan zararlangan.

“Bu tendensiya saqlanib qolsa, bugungi kunda kuchli uglerod yutuvchisi bo‘lgan o‘rmonlar chiqindilar manbaiga aylanishi mumkin, bu esa global iqlim maqsadlarini xavf ostiga qo‘yadi”, deya ogohlantirmoqda mutaxassislar.

Braziliyaning Belin shahrida bo‘lib o‘tadigan iqlim sammiti arafasida BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi dunyo yetakchilarini o‘rmonlarni himoya qilish bo‘yicha choralarni kuchaytirishga chaqirmoqda. Bunga yong‘inlarning oldini olish, zararkunandalarga qarshi kurashish va keng ko‘lamli o‘rmon tiklash ishlari kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilda Yevropa mamlakatlari tarixdagi eng dahshatli o‘rmon yong‘inlari mavsumini boshidan kechirayotgani, yil boshidan buyon Yevropa Ittifoqi hududida 1 million gektardan ortiq o‘rmonlar yongani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

o'rmon Iqlim o'zgarishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing