Indoneziyada o‘rmon yong‘inlari sabab maymunlar qirilib ketish mumkin (foto)

Olam

−

image_2026-10-16_10-03-52

Indoneziyada so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli o‘rmon yong‘inlari sabab noyob orangutanlar yashash joyidan ayrilmoqda. Hayvonlarni qutqarish markazi avgust oyidan beri 49 ta orangutanni qutqardi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, yong‘inlar asosan Borneo va Sumatra orollaridagi o‘rmonlarni qamrab olgan. Ular iyul oyida boshlangan bo‘lib, kuchli El-Nino ob-havo hodisasi sabab noyabrgacha davom etishi mumkin. Indoneziya hukumati bu haqda ogohlantirgan.

G‘arbiy Kalimantan provinsiyasining Ketapang hududida joylashgan Indoneziya yovvoyi tabiatni tiklash jamg‘armasi (YIARI) markazi hozirda 90 ta orangutanni parvarish qilmoqda. Jamg‘arma vakili Heribertus Suchiadining ma’lum qilishicha, so‘nggi uch yil davomida markaz yiliga atigi 3-5 ta orangutanni qutqargan. Bu yil esa avgustdan buyon 49 ta jonivor yordamga muhtoj bo‘lgan.

Jamg‘arma hammuassisi Karmele Lyano Sanchesning aytishicha, yong‘inlar oqibatida orangutanlar nafaqat yashash joyidan, balki oziq-ovqat manbalaridan ham ayrilmoqda. O‘rmonlarning qisqarishi kelgusida ularning ochlikdan nobud bo‘lish xavfini oshirishi mumkin.

Fojia oqibatida ayrim hududlarni zaharli tutun qoplagan. Tutun Borneo orolining Malayziyaga qarashli qismlari, Malayziya yarimoroli va Singapurgacha yetib borgan. Bu esa ayrim maktablarning yopilishiga va nafas yo‘llari kasalliklari ko‘payishiga sabab bo‘lgan.

Nashrning yozishicha, avgust oyida Sampurna ismli orangutan palma yog‘i ishlab chiqariladigan plantatsiyada nafas olishga qiynalayotgan va yerda tipirchilayotgan holatda topilgan. Uni qutqarishga urinishlarga qaramay, jonivor joriy yilning 30 avgust kuni nobud bo‘lgan. Mutaxassislar uning o‘pkasida og‘ir nafas olish muammolariga xos belgilarni aniqlagan.

Indoneziyada joriy yilning yanvar–iyul oylarida qariyb 202 ming gektar maydon yong‘inlar oqibatida zarar ko‘rgan. Nodavlat tashkilotlar hisob-kitobiga ko‘ra, keyingi oylarda yana kamida 600 ming gektar maydon yonib ketgan. Taqqoslash uchun, 2015 yilda mamlakatda qariyb 960 ming gektar yer yong‘inlardan zarar ko‘rgan.

Bildirilishicha, orangutanlarni qutqarish ishlari davom etmoqda. Mutaxassislar dronlar yordamida yong‘indan zarar ko‘rgan hududlarni tekshiradi, so‘ng jonivorlarni izlab topib, xavfsiz joyga olib chiqadi. Qutqarilgan ayrim orangutanlar yong‘in xavfi kamroq bo‘lgan hududlarga qaytarilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing