Aybini tan olgan Ortiqxo‘jayev, musobaqalardan chetlatilgan o‘zbek sportchilari, inklyuziv hukumat tuzayotgan “Tolibon” – yangiliklar dayjesti
Tahlil
−
16 dekabr 2021 13568 7 daqiqa
Jamiyat
Talabalarning kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi
2021/2022 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriati va magistraturasiga to‘lov-kontrakt, shu jumladan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar, o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) va qayta tiklangan talabalar o‘qishi uchun to‘lov haqini o‘tkazish hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning so‘nggi muddati 2021 yilning 31 dekabri etib belgilandi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi kecha, 15 dekabr kuni shunday qaror qabul qilgan.
G‘uzorda 42 yoshli erkak ko‘chadan o‘lik holda topildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 42 yoshli erkak ko‘chadan o‘lik holda topilgani haqida xabar tarqalgandi. Marhumning yaqinlari bu qotillik ekanini aytayotgani ma’lum qilingandi.
Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov mazkur holat bo‘yicha ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 42 yoshli erkakning o‘limiga aniqlik kiritish maqsadida G‘uzor tumani prokuraturasi tomonidan qo‘shimcha ravishda tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Sharmanda! Sirdaryoda YPX xodimi haydovchining ichgan-ichmaganini stakanda tekshirmoqchi bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqda Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani hududida YPX xodimi O.Egamberdiyev Lacetti rusumli avtomobil haydovchisini to‘xtatgan va haydovchi spirtli ichimlik ichgan yoki yo‘qligini bir marotaba foydalaniladigan stakan orqali tekshirmoqchi bo‘lgani aks etgan video tarqaldi.
Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd jtilishicha, hozirda ushbu holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. O‘rnatilgan tartibga zid ravishda xizmat olib borgan xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi ta’minlanadi.
Ana boshlandi! Kogonda ham fuqaro hokimlikka qimmatli sovg‘a hadya qildi
Buxoro viloyatida fuqaro Kogon shahri hokimligiga savdo do‘koni sovg‘a qildi. Bu haqda tuman hokimining tegishli qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, fuqaro X.Rashidova joriy yilning 6 dekabr kuni o‘ziga shaxsiy mulk sifatida tegishli bo‘lgan Kogon shahar bosh bekati hududidagi savdo do‘konini Kogon shahar hokimligiga beg‘araz topshirish to‘g‘risida ariza yozgan.
“Shahar hokimi o‘rinbosari A.Aminov, shahar hokimligi bosh hisobchisi G.Nishonova, “Kogon uy-joylar va noturar joylardan foydalanish va hisobga olish” davlat unitar korxonasi rahbari J.Ishanqulovga Kogon shahar bosh bekat hududidagi xajmi 60,0 m. kv. bo‘lgan savdo do‘konni notarial idorasi bilan birgalikda belgilangan tartibda qabul qilish ishlarini amalga oshirish choralarini ko‘rsin”, deyiladi qarorda.
Ortiqxo‘jayev va nihoyat aybini tan oldi
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtda kesilib ketgan daraxtlar uchun aybni o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda hokim bugun, 16 dekabr kuni bo‘lib o‘tayotgan Senatning yigirma ikkinchi yalpi majlisida gapirdi.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev, “Toshkent shahrida 1,2 mlnga yaqin daraxtlar xatlovdan o‘tkazilgan. Lekin ularning 20 foizi ham yagona elektron ma’lumotlar bazasiga kiritilmagan. Natijada moratoriyga qaramasdan, daraxtlarni kesish holati hamon davom etmoqda. Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2021 yilning yanvar – noyabr oylarida 33609 dona daraxtlarni kesish uchun Ekologiya qo‘mitasiga arizalar kelgan. Ulardan 22145 da daraxt rad javobi bilan saqlab qolingan. Lekin ko‘p joylarda qurilishlar daraxtlar bor joylarda bo‘lyapti”, deya Ortiqxo‘jayevga yuzlandi.
Denovdagi portlash bo‘yicha uch kishi qamoqqa olindi
Kecha, 15 dekabr kuni Denovdagi savdo majmuasida yuzaga kelgan chaqnash hodisasi bo‘yicha tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida uch kishi qamoqqa olindi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Denov shahar gaz bo‘limi boshlig‘i, Hududgaz Surxondaryo gazta’minotining 2 nafar xodimlari jami 3 nafar shaxsga Jinoyat kodeksining 116, 214-moddalari bilan ayb e’lon qilinib, "qamoqqa olish" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Andijonda qizining nomusiga tekkan yigitni o‘ldirgan ota 12 yilga “kesildi”
Joriy yilning 1 noyabr kuni Andijon viloyati Jalaquduq tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudida qizi bilan jinsiy aloqa qilgan yigitni o‘ldirgan Sh.A.ga hukm o‘qildi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov ma’lumot berdi.
Sud hukmida aytilishicha, Andijon shahrida yashovchi Sh.I. 2020 yilning 20 noyabr kuni Sh.A.ning o‘zi bilan oldindan tanish bo‘lgan 18 yashar qizi M.F. bilan jinsiy aloqada bo‘lgan.
Shundan so‘ng qizning otasi yigitning yaqinlari bilan qizini mahalla oldida to‘y qilib, yuzini yorug‘ qilib olib chiqib ketish xaqida kelishib olgan. Lekin oradan bir necha oylar o‘tgan bo‘lsa-da, Sh.I.ni uyidagilar sovchi bo‘lib kelmagan. Yigit aslida tog‘asi qaramog‘ida bo‘lgan. Negaki uning otasi oilani tashlab ketgan, onasi esa ko‘p yillardan beri Rossiyada bo‘lgan.
Olam
Bahsning brazilcha yechimi: shahar meri va deputat oktagonda jang qildi
Braziliyaning Borba shahri meri Simao Peyshoto o‘zining sobiq maslahatchisi, hozirda mamlakat parlamenti deputati Erineu da Silva bilan aralash yakkakurash qoidalari bo‘yicha mushtlashdi.
Siyosatchilar o‘rtasidagi mushtlashuvga shahar bog‘i taqdiri haqidagi bahs sabab bo‘lgan. Silva shahar merini parkni saqlab qola olmagani uchun qattiq tanqid qilgan, shundan so‘ng Peyshoto jangga tayyorligini ko‘rsatib, kaftiga musht tushirgan videoni e’lon qilgan.
Dahshat! Gaitida benzovoz portlashi oqibatida 75 kishi qurbon bo‘ldi
Gaitining Kap-Aiten shahrida yonilg‘i tashuvchi benzovoz portlashi oqibatida 75 nafar qurbon shifoxonalarda vafot etdi. Bu haqda “HaitiLibre” axborot portali xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, shifoxonalarda yana 20 ga yaqin kuygan bemor bor. Portlash joyi yaqinidagi 20 dan ortiq bino zarar ko‘rgan. Hozirda qutqaruvchilar binolar vayronalari ostidan qurbonlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini qidirmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, benzovoz mahalliy vaqt bilan yarim tunda yo‘lda ag‘darilib ketgan, o‘tkinchilar fursatdan foydalanib, o‘zlarining yonilg‘i baklarini to‘ldirib olishgan.
Zelenskiy, Shols va Makron. Uch rahbar Rossiyani nimaga chorlamoqda?
Bryusselda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Germaniya kansleri Olaf Shols va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Ukraina rahbari matbuot xizmati xabar bergan.
Xabarda aytilishicha, Vladimir Zelenskiy Ukraina “chegaradagi hech qanday provokatsiyalarga berilmasligini, boshqa tomonlarga nisbatan tajovuzkor niyatlari yo‘qligini va vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilish tarafdori” ekanini ta’kidlagan.
“Rossiya qo‘shinlari va qurollari Ukraina chegaralaridan imkon qadar tezroq olib chiqilishini kutaman. Hozircha diplomatik sa’y-harakatlarga qaramay, ular bizning chegaralarimizda qolmoqda”, deyiladi davlat rahbarining bayonotida.
“Tolibon” inklyuziv hukumat tuzmoqchi
Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati mamlakatda yangi, inklyuziv hukumatni shakllantirish ustida ishlamoqda. Harakat tez orada yangilangan hukumat tarkibini e’lon qilishi mumkin. Bu haqda Afg‘oniston muvaqqat Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Abdul Salam Hanafiy Qobuldagi elchixona vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Inklyuziv Vazirlar Mahkamasini shakllantirish bo‘yicha harakatlar davom etmoqda va bu haqdagi ma’lumotlar tez orada e’lon qilinadi”, deya ta’kidlagan Abdul Hanafiy.
Sport
P4P reytingi yangilandi. Ahmadaliyev nechanchi pog‘onada?
Bugun, 16 dekabr kuni vazn toifasidan qat’i nazar dunyoning eng kuchli bokschilar reytingi (P4P) yangilandi. Unga ko‘ra WBA va IBF chempionlik kamarlari sohibi o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev (10-0) 45-pog‘onada qayd etilgan.
Reytingni supero‘rta vazn toifasi mutlaq chempioni Saul Alvares (57-1) boshqarib bormoqda. Superog‘ir vazn toifasida WBA, IBF, WBO chempionlik kamarlari sohibi Aleksandr Usik (19-0) ikkinchi o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, “Lo‘lilar qiroli” Fyuri (31-0) esa kuchli uchlikka yakun yasab bergan.
O‘zbekistonlik sportchi 2025 yilgacha barcha musobaqalardan chetlatildi
Avvalroq, joriy yilning sentyabr oyida Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida o‘tkazilgan I MDH o‘yinlarida ishtirok etgan Muay-tay sport turi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoa a’zosi Faxriddin Hasanovdan olingan doping-sinamasida taqiqlangan modda aniqlanganligi haqida xabar bergan edik.
Rossiya antidoping agentligi (RusADA) axloq komissiyasining 8 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, Faxriddin Hasanov antidoping qoidalarini buzganlikda aybdor, deb topilib, jazo chorasi sifatida 4 yil muddatga barcha musobaqalardan chetlatildi. Diskvalifikatsiya muddati 2021 yil 8 oktyabrdan boshlab 2025 yil 7 oktyabrga qadar davom etadi.
“Barselona”ning titul homiysi o‘zgarishi mumkin
“Barselona” klubning titul homiysi bo‘lishga intilayotgan kompaniyalar bilan muzokaralarni davom ettirmoqda. Bu haqda “Mundo Deportivo” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ikki kriptovalyuta birjalari – “Binance” va FTX bilan muzokaralar faol tarzda davom etmoqda.
Shu bilan birga, “ko‘k-anorranglilar”ning hozirgi titul homiysi “Rakuten” bilan aloqalarni buzganicha yo‘q. “Barselona” rahbariyati bosh homiydan bonuslar bilan birga yiliga taxminan 60 million yevro olishni istaydi. Yaponiya elektron tijorat kompaniyasi esa bunday shartlarga rozi emas. Shu sabab hamkorlik bekor qilinishi kutilmoqda.
Live
Barchasi