AQSH “soya floti”ga qarshi sanksiyalarni yumshatmoqchi

Olam

−

image

AQSH hukumati “soya floti” tarkibidagi sanksiyaga uchragan kemalarda neft tashishga ruxsat berish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda manbalarga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Manbalarning bildirishicha, yangi taklif sanksiya ostidagi kemalarda cheklovlarga kirmaydigan neftni tashishga ruxsat berishni nazarda tutadi. Bunday kemalardan foydalanmoqchi bo‘lgan kompaniyalar AQSH Moliya vazirligidan maxsus ruxsat olishi kerak bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, “soya floti” – xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tib, asosan Rossiya, Eron va Venesuela kabi davlatlardan neft hamda neft mahsulotlarini tashishda foydalaniladigan, egaligi va sug‘urtasi ko‘pincha noaniq bo‘lgan kemalar, asosan, eski tankerlardan iborat flot. Bunday kemalar sanksiyalardan qochish uchun turli davlatlar bayroqlari ostida suzishi yoki yuk tashish faoliyatini yashirishga urinishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 18 sentyabr kuni Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni nazarda tutuvchi qonunni imzolagan edi. Hujjat banklar, mansabdor shaxslar va “soya floti”ga nisbatan cheklovlar joriy etish, shuningdek, Rossiya nefti va gazini eng ko‘p xarid qiladigan mamlakatlarga bojlar qo‘llashni nazarda tutadi. Asosiy choralar qonun kuchga kirganidan keyin 30 kun ichida joriy etilishi belgilangan. Biroq Tramp ayrim istisnolarga ruxsat berish vakolatini o‘zida saqlab qolgan.

Avvalroq, Rossiya AQSHga yirik miqdorda dizel sotishini ma’lum qilgan edi. Trampning Putin bilan kelishuvi ham aynan dizel yoqilg‘isi yetkazib berish va unga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish bilan bog‘liq. Shuningdek, Zelenskiy ushbu kelishuvni keskin qoralab, “ochiq zaiflik belgisi” deb atagan edi. Zelenskiyning ushbu fikrlaridan so‘ng Donald Tramp Vladimir Zelenskiy o‘rniga yangi rahbar saylash vaqti kelganini aytgan.

Keyinchalik OAV Ukrainaning yangi prezidenti lavozimiga to‘rtta nomzod nomini keltirdi.

Zelenskiyning o‘zi esa, agar Rossiya 60 kunlik to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga tayyorligini bildirgan. Bunga javoban Kreml Zelenskiyning Ukrainada saylovlar o‘tkazish uchun ikki oylik sulh tuzish haqidagi taklifini rad etgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing