Hokimlarning ichimlik suvi narxini belgilash vakolati hukumatga o‘tkaziladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ichimlik suvi tariflarini tasdiqlash vakolati hukumat huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi hamda har yili mart oyida “Suvni tejash oyligi” o‘tkaziladi. Bu haqda joriy yil 24 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 140-sonli farmonda so‘z boradi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan “O‘zsuvta’minot” AJga foydalanish uchun topshiriladigan barcha ichimlik suvi va oqova suv infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari “Dasturlarning amalga oshirilishini monitoring qilish va manzilli ro‘yxatlarni kelishishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi” elektron platformasida aks ettiriladi.

Shu bilan birga, O‘zsuvta’minot” va uning tizim korxonalari o‘rtasida shartnomaviy munosabatlarni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida tor doiradagi malaka oshirish, o‘qitish va ekspluatatsiyaga oid shartnomaviy munosabatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiriladi.

Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv sohasidagi yangi loyihalarga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (XMI/XHMT) qarz va grant mablag‘lari oldindan xarid, retroaktiv va shu kabi boshqa moliyalashtirish usulini tanlagan holda jalb qilinadi.

Shu munosabat bilan, 2027 yil 1 yanvardan markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash iqtisodiy jihatdan samarasiz yoki o‘zini oqlamaydigan hududlarda xizmat ko‘rsatish alohida yondashuv asosida (maxsus texnikalarda suv yetkazib berish, shoxobchalarni tashkil etish va shu kabilar) amalga oshiriladi.

Shuningdek, tarif siyosatini takomillashtirish maqsadida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi.

Hujjatga ko‘ra, har yili mart oyida “Suvni tejash oyligi” o‘tkaziladi va suvni qadrlash madaniyatini keng targ‘ib qilish chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq, 2027 yil 1 yanvardan boshlab:

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbar va o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga ichimlik suvini tejash va hududiy suv ta’minoti korxonalariga masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatganlik mezonlari kiritiladi;

hududiy suv ta’minoti korxonalariga masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatmagan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.

2027 yil 1 apreldan boshlab esa ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun byudjet tashkilotlariga respublika bo‘yicha bir xil tariflar belgilanadi.

Shuningdek, ichimlik suvi ishlab chiqarish va yetkazib berish jarayonlari bo‘yicha alohida hisob-kitob yuritilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarning nasos va filtr qurilmalariga sun’iy yo‘ldosh kuzatuv tizimi o‘rnatilishi va 2027 yildan sholi va baliqchilik maydonlarida “aqlli” suv hisoblagichlar o‘rnatish majburiy etib belgilangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing