Zurabishvili Trampning inauguratsiyasiga boradi

Olam

image

Gruziyaning sobiq prezidenti Salome Zurabishvili 20 yanvar kuni AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning inauguratsiyasiga borishini aytdi. Bu haqda u bugun, 9 yanvar kuni yangi ofisida o‘tkazilgan birinchi brifingda ma’lum qildi.

Dastlab sobiq prezident haliyam mamlakatda o‘z roli borligi va xorijiy hamkorlar bilan aloqa qilayotganini ta’kidlagan.

“Bizda izolyatsiyadan chiqish imkoniyati bor. Mening o‘z rolim bor va men uni to‘liq bajaryapman. Men xorijiy hamkorlarimiz bilan deyarli har kuni aloqadaman. Prezident Trampning inauguratsiyasiga borishimni tasdiqlayman, men u yerda bo‘laman. Vashingtonda Jo Uilsonning taklifiga binoan inauguratsiya uchun taklifnomalar oldim va buning uchun menga hech kim pul to‘lamaydi. Men boraman va men yuqori darajadagi uchrashuvlar o‘tkazaman”, degan  Gruziyaning sobiq rahbari.

Shuningdek, u yevropalik hamkorlar bilan aloqalarni davom ettirishini va ular parlament, hukumat va Gruziyaning yangi prezidentini tan olmasligiga ishontirishini aytdi.

Qolaversa, u prezidentlik faoliyatini davom ettirish niyatida ekanligini yana bir bor tasdiqlagan.

“Bugun sizni Orbeliani saroyining kengaytmasi bo‘lgan yangi ofisimda kutib olishni istayman. Bu Orbeliani saroyiga o‘xshamasligi mumkin, lekin (uning) ruhi bu yerda mavjud va prezidentning vazifasi hozirda eng chuqur inqirozda bo‘lgan bu mamlakatda davom etmoqda”, degan u.

Shuningdek, Zurabishvili mamlakatda yangi saylovlar o‘tkazilgunga qadar va “mamlakat Yevropa relslariga qaytgunicha” “Gruziya orzusi”ga qarshi kurashni davom ettirish niyatida ekanini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 14 dekabr kuni Gruziyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tgan, unda davlat rahbari lavozimiga yagona da’vogar, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasidan Mixail Kavelashvili g‘alaba qozongandi. U saylovchilarning 225 ovozidan 224 tasini oldi.

13 dekabr kuni Zurabishvili vakolat muddati tugaydigan 29 dekabrdan keyin prezident saroyini tark etish niyatida emasligini aytdi. Biroq respublika Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze, agar u shunday qilsa, jinoiy javobgarlikka tortilishi bilan tahdid qildi. Oxir-oqibat, u saylovlarni noqonuniy deb atadi, ammo Kavelashvilining inauguratsiyasi kuni prezidentlik qarorgohini tark etdi. Shundan so‘ng, Zurabishvili AQSHning Arizona universiteti negizida tashkil etilgan Makkeyn institutiga ishga kirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Donal'd Tramp Salome Zurabishvili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing