Zoyir Mirzayevning qo‘ylarni so‘yishni buyurgani aytilgan video bo‘yicha aybdorlar jazolandi

Jamiyat

Avvalroq, Qashqadaryo hokimi Zoyir Mirzayev dalani payhon qilgan qo‘ylardan ikkitasini so‘yib, odamlarga tarqatishni buyurgani aytilgan video bo‘yicha prokuratura tekshiruv boshlagani haqida xabar bergan edik. Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tekshiruv natijasini e’lon qildi.

Videolavhada Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Aripov, Nishon tumani bo‘lim boshlig‘i A.Rahmatov, tuman IIB boshlig‘i D.Umarov, “Otamurod ota” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Sh.Bobonazarov, g‘alla maydonini payhon qilgan 21 bosh chorva mollari egasi A.Azamatov ishtirokida viloyat hokimi topshirig‘iga ko‘ra, g‘alla maydonini payhon qilingani uchun fermer xo‘jaligi rahbari va payhon qilgan qo‘y egasiga tegishli 1 tadan (jami 2 bosh) qo‘yni so‘yib, kam ta’minlangan oilalarga tarqatilishi holati aks ettirilgan.

O‘tkazilgan tekshiruv natijasiga ko‘ra, g‘alla ekinlarini payhon qilingani holati yuzasidan Nishon tumani ma’muriy sudining qaroriga asosan, A.Azamatov MJtKning 104-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga ogohlantirish e’lon qilinib, payhon natijasida yetkazilgan zarar qoplanishi ta’minlangan. 

Shuningdek, A.Aripov va A.Rahmatovlar MJtKning 200-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun Nishon tumani ma’muriy sudiga yuborilgan.
 
Sudning kecha, 9 yanvardagi qaroriga ko‘ra, A.Aripov va A.Rahmatovlarga nisbatan jarima jazosi tayinlangan va ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zarar to‘liq bartaraf qilinishi ta’minlangan.

Bundan tashqari,  Nishon tumani IIB boshlig‘i D.Umarovning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, uning harakatlari intizomiy kengashda ko‘rib chiqilishi belgilangan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Zoyir Mirzaev Qashqadaryo qo'y

Baholaganlar

910

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing