Zimistonda qolgan Livan: elektr ta’minoti haftalab tiklanmasligi mumkin
Olam
−
10 Oktabr 2021 7622 2 daqiqa
Kecha, 9 oktyabr kuni Livan yoqilg‘i yetishmovchiligi sababli ikkita yirik elektr stansiyasining to‘xtab qolishi ortidan keng miqyosda elektr energiyasi tanqisligiga duch keldi.
Davlat elektr kompaniyasi vakilining mahalliy matbuotga bergan intervyusiga ko‘ra, shimolda Deyr-Ammardagi issiqlik elektr stansiyasi va mamlakat janubida joylashgan Zahraniydagi issiqlik elektr stansiyasi Birlashgan Arab Amirliklaridan mazut yetkazib berilishi kechikkanligi sababli ishlamay qolgan.
Bunga qadar Livan hukumati yoqilg‘ini favqulodda sotib olish uchun mablag‘ ajratgan edi. Biroq bu foyda bermadi va endi mamlakatdagi elektr uzilishlari ikki hafta davom etishi mumkin.
Mazut yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar tufayli davlat elektr kompaniyasi yozgi davrda aholiga elektr energiyasini yetkazib berishni ikki soatdan to‘rt soatgacha qisqartirdi, qolgan vaqtda esa yorug‘lik xususiy firmalar tomonidan fuqarolar uylari va muassasalariga elektr generatorlari yordamida berilmoqda.

Livan Markaziy bankining joriy yil 12 avgustdagi valyuta zaxiralarining kamayishi tufayli yoqilg‘i-moylash materiallariga davlat subsidiyalarini bekor qilish to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng inqirozli vaziyat yanada og‘irlashdi.
Joriy yilning 22 sentyabr kuni Livan Energetika va suv resurslari vazirligi yoqilg‘i-moylash materiallari narxining 15 foizga oshganini e’lon qildi, avgust oyi boshida benzin va mazut narxining ko‘tarilishi 66 foizni tashkil etgan.

Arab davlatlarning yordami
Livan hukumati qo‘shni arab davlatlari yordami bilan elektr energiyasi muammosini hal qilishga urinmoqda. Joriy yilning 6 oktyabr kuni Iordaniya, Suriya va Livan energetika vazirlari Suriyadagi harbiy mojaro paytida vayron bo‘lgan yagona elektr tarmog‘ini tiklash bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqladilar.
Ushbu loyiha tufayli Iordaniya ayniqsa qishki mavsumda aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi ortishi fonida Suriya hududi orqali Livanga qo‘shimcha 200 MVt quvvatini yetkazdirib berishi mumkin.