Isroil va Livan o‘rtasidagi Rim muzokaralari qachon bo‘lishi aytildi

Olam

image

Isroil va Livan o‘rtasida kelasi hafta Rimda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralar oktyabrga qoldirildi. Tomonlar o‘rtasidagi muloqot AQSH vositachiligida davom ettiriladi. Bu haqda “Axios” AQSH rasmiysiga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, muzokaralarning qoldirilishiga yahudiylar bayramlari, Parijda Livan armiyasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha konferensiya hamda BMT Bosh assambleyasiga tayyorgarlik ishlari sabab bo‘lgan. Shuningdek, AQSH rasmiysiga ko‘ra, Isroil va Livanning Vashingtondagi elchilari kelasi hafta AQSH Davlat departamentida uchrashib, vaziyatni muhokama qiladi.

Bu uchrashuvlar joriy yilning iyun oyida AQSH vositachiligida kelishilgan doiraviy kelishuvni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlanishi kutilmoqda. Kelishuv Hizbullohni qurolsizlantirish, Isroil qo‘shinlarini Livan janubidan bosqichma-bosqich olib chiqish va ushbu hududga Livan armiyasini joylashtirishni nazarda tutadi. AQSH tomoni mazkur kelishuvni Livan suverenitetini tiklash va Isroil xavfsizligini ta’minlashning asosiy mexanizmi deb hisoblamoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Isroil va Livan o‘rtasidagi muzokaralar avval ham Rimda o‘tkazilgan. 2026 yil avgust oyidagi navbatdagi raundlarda asosiy kelishmovchiliklar Hizbullohni qurolsizlantirish va Isroil qo‘shinlarining Livan janubidan chiqishi masalalari atrofida yuzaga kelgan edi.

Ayni paytda Livan janubida vaziyat hamon keskinligicha qolmoqda. AQSH vositachiligidagi sulh kelishuviga qaramay, so‘nggi kunlarda Isroil hududda harbiy amaliyotlarni davom ettirdi. Livan tomoni bu zarbalar muzokaralarga salbiy ta’sir qilayotganini bildirgan bo‘lsa, Isroil esa ularni Hizbullohning qurol-yarog‘ infratuzilmasiga qarshi zarur chora sifatida izohlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil armiyasining Livanning turli hududlariga uyushtirgan aviazarbalari oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgani, yana 20 kishi jarohat olgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing