Isroil Livanga aviazarba berdi. Qurbonlar bor
Olam
−
15:29 327 2 daqiqa
Bugun, 6 sentyabr tongida Isroil armiyasining Livanning turli hududlariga uyushtirgan aviazarbalari oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi, yana 20 kishi jarohat oldi. Bu haqda Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Favqulodda vaziyatlar operatsiyalari markazi xabar berdi.
Bayonotga ko‘ra, Isroil armiyasining Nabatiya-al-Fauka aholi punktiga bergan zarbasi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi jarohat olgan. Shuningdek, Isroilning Nabatiya shahridagi Rahibat tumaniga uyushtirgan zarbasi oqibatida esa sakkiz kishi, shu jumladan bir ayol va bir bola jabrlangan.
Arab-Salim aholi punktiga berilgan zarbalar oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, yana olti kishi jarohat olgan, ular orasida ikki nafar bola bor. Bundan tashqari, Isroil armiyasining Kafr-Rumman aholi punktiga bergan zarbasi oqibatida to‘rt nafar ayol jarohat olgan.
Ma’lumot uchun, Isroil 2023 yilning oktyabr oyida Livanga zarba berishni boshlagan, 2024 yilning sentyabr oyida esa nizo keng miqyosli urushga aylanib ketgan edi. Jangovar harakatlar davomida 4 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi, 17 mingga yaqini jarohat oldi.
Joriy yilning 2 mart kuni Isroil armiyasi Livanga shiddatli aviazarbalar berishni boshladi va mamlakat janubidagi bir qator aholi punktlarini egalladi. Livan hukumati ushbu davr mobaynida o‘z uyini tark etgan shaxslar soni 1 million kishidan oshganini xabar qilgan.
Livan va Isroil o‘rtasida 17 aprel kuni kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi keyinchalik bir necha bor uzaytirildi. Biroq Isroil armiyasi, sulhga qaramay, turli bahonalar bilan Livanga zarba berishni davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning Livan janubidagi Ansar shaharchasi chetidagi uyga bergan havo zarbasi oqibatida yetti kishi halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi