“Jurnalistning Bozorov haqida yozganlari mutlaqo asossiz”. IIV Pikulitskani tiyilishga chaqirdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Ma’lum qilinganidek, O‘zbekistonda LGBT huquqlarini himoya qilib kelayotgan bloger Miraziz Bozorov o‘z uyi oldida do‘pposlab ketildi va og‘ir tan jarohati oldi. Ushbu hodisa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining xabar bayonotiga ko‘ra, ushbu “ko‘pkari”ga mamlakatda faoliyat olib borayotgan xorijiy vakillar va jurnalistlar ham qo‘shilgan. IIV e’tiborni joriy yilning fevral oyidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiyadan o‘tib O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan “Al Jazeera” xalqaro OAV muxbiri Agneshka Pikulitskaga qaratgan.

Bayonotga ko‘ra, jurnalist joriy yilning 29 martidan boshlab Miraziz Bozorov atrofida bo‘layotgan voqealarga noxolis yondashib o‘zining Twitter ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida aslida ro‘y bermayotgan voqealarni yoritib kelmoqda.

Masalan: “Mening yigitimni maxsus xizmatlar so‘roq qilishyapti, (u jurnalist emas, faol emas, faqat kecha men bilan shifoxonada bo‘lgan). Bu – noto‘g‘ri yo‘l. Hurmatli maxsus xizmatlar, sizlar odamlarga o‘ldirish bilan tahdid qilayotgan radikallar bilan ishni hal eting”.

“Maxsus xizmatlar geylarni faol qidirishmoqda. Odamlarni rasmlarini ko‘rsatib, ularni geylikda gumonlashyapti. Odamlarga LBGT jamoasi xaqida ma’lumot tarqatish haqida bosim o‘tkazishyapti. Ertaga boshqalar ham so‘roq qilinadi. Bu – yangi O‘zbekiston”.

“Men bilaman, Maxsus xizmatlar mening do‘stlarimdan geylar haqida so‘rashyapti. Men xorijlik bo‘lganim uchun meni so‘roqqa chaqirishmadi. Ishoning, bu yalmog‘izlarga ov!”

“Men, uning (Miraziz Bozorovning) provokatsiyalari haqida bilaman. Lekin bu uning oyog‘ini sindirishga bahona emas. Uning gapiga biz shubha bilan qaraymiz. Endi barcha uni shifoxonada xabar olgan odamlarni LBGT jamoaga aloqadorligi savol tug‘ilmoqda. Mening yigitim sinib qaytib keldi”.

“Mening bir do‘stim hozir DXXda, 4 yoki 5 soatdan beri. Boshqasini ertaga chaqirtirishyapti” va hokazolar.

IIV Axborot xizmatining qayd etishicha, niqoblangan holdagi shaxsiy adovati yoki hissiyotini bayon etayotgan mazkur jurnalist, ma’lumotlarni go‘yoki O‘zbekistonda ro‘y berayotgan “salbiy axborot” sifatida bir qator xorijiy internet-nashrlariga tarqatgan.

“Vaholanki, ushbu ma’lumotlar haqiqatga mutlaqo mos kelmaydi hamda mamlakatimizning huquqni muhofaza qiluvchi organlarini obro‘sizlantirishga qaratilganligining yaqqol misoli”, deyiladi bayonotda.

Ma’lum qilinishicha, muxbir Agneshka Pikulitska o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini tekshirish va xolis axborot taqdim etish majburiyatini  unutib, axborotni buzib talqin etib va soxtalashtirib  tarqatgan. Shuningdek ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste’mol qilgan.

O‘zining harakatlari bilan, O‘zbekiston Respublikasining “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 6-moddasi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni 7-moddasi hamda “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonuni 6-moddasi talablarini buzgan.

“Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotni tarqatib, fuqarolarimizning ongini chalg‘itish, davlat organlari faoliyatiga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otish hamda xorijiy ommaviy axborot vositalariga noxolis ma’lumotlar yetkazib, yurtimiz haqida salbiy fikr shakllanishiga sababchi bo‘lishdan bu ayolga nima naf?” deya savol qo‘ygan O‘zbekiston IIV.

Ta’kidlash joizki, Pulitska o‘zbekistonliklarga o‘zining mojaroli chiqishlari bilan anchagina tanish bo‘lib qolgan.

Polshalik xalqaro mustaqil jurnalist Agniyeshka Pikulitska-Vilchevska O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi unga akkreditatsiya berishni rad etgani va o‘tgan yil akkreditatsiya olganidan so‘ng vazirlikdan biriktirilgan xodim unga shilqimlik qilib, o‘pishga uringanini aytib chiqqandi.

Shundan so‘ng, bu holat shov-shuvga sabab bo‘ldi. Vaziyat yuzasidan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva munosabat bildirdi va aybdor jazolanishini ta’kidladi.

Bu orada Pikulitska TIVga chaqirtirildi. Ammo tashkilotdagilar jurnalist aytayotgan xodimni tanimasligini, shuning uchun uni javobgarlikka tortish imkonsizligini aytgani haqida xabar berildi.

Oradan ko‘p o‘tmay, TIVning rasmiy bayonoti e’lon qilindi. Unda vazirlik jurnalist ayoldan uzr so‘rab, avval topilmagan “shilqim” xodim ishdan bo‘shatilganini bildirdi.

Bo‘ladigan ish bo‘lib o‘tganidan keyin O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi holat yuzasidan bayonot berdi va akkreditatsiya masalasi ijobiy hal qilinishiga umid bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

686

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing