Jurnalistlarga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlik belgilanishi kutilmoqda

Jamiyat

image
Yelkasida kafanini tashiyotganlar north_east

Yelkasida kafanini tashiyotganlar

O‘zbekistonda jurnalistlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish va unga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlik belgilanishi kutilmoqda. Ushbu javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasi allaqachon tayyor bo‘lgan va joriy yil oxirigacha qabul qilinishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov kecha, 10 noyabr kuni Toshkentdagi Milliy matbuot markazida “So‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasidagi islohotlar mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi” mavzusida o‘tgan anjumanda QALAMPIR.UZ muxbiriga ma’lum qildi. 

“Men sizga shuni xabar qilib aytmoqchimanki, bugun o‘sha qonun loyihasi tayyorlandi. Biz kecha dastlabki bosqichda bir guruh jurnalistlar ishtirokida qonun loyihasini muhokama ham qildik. Qonun loyihasida juda jiddiy normalar va qoidalar belgilandi. Bir nechta holat bo‘yicha javobgarlik aniq. Men o‘ylaymanki, bu tez kunlarda mamlakat qonunchilik tizimiga kiritiladi va yil yakunigacha siz aytgan qonun qabul qilinadi”, deydi uyushma raisi Olimjon O‘sarov. 

Uyushma raisi so‘zida davom etarkan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 6 noyabr kuni inauguratsiya marosimida ham jurnalistlarga nisbatan bosim va tazyiqlarga to‘xtalib o‘tganini esladi. 

“Amaldagi qonunchilikda davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish, senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, qonuniy faoliyat yuritayotgan barcha jurnalist va blogerlar bundan buyon ham qonun va Prezident himoyasida bo‘ladi”, degan edi Prezident o‘z nutqida. 

O‘zbekistonda bir necha yillardan buyon, so‘z va matbuot erkinligi haqida bot-bot gapirilmoqda. Shunga qaramay, jurnalist va tasvirchilarga nisbatan tazyiq va bo‘htonlar yildan yilga avj olib boryapti. Tasvirchilarning kamerasi sindirilgani, fleshkalari yutib yuborilganiga ham guvoh bo‘ldik. Senat va boshqa tashkilotlar tomonidan har qancha munosabat bildirilmasin, ish nazoratda ekani aytilmasin, OAVga bosim qilgan, faoliyatini cheklashga uringanlarga qat’iy choralar ko‘rilmas, jazo berilmas, jurnalistlar daxlsizligi ta’minlanmas ekan matbuot anjumanlari o‘tkazib so‘z erkinligi haqida gapirishning mantig‘i bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda matbuot va so‘z erkinligiga nisbatan talab va uni ta’minlashga bo‘lgan harakatlarga xos ravishda jurnalistika kasbi bilan bog‘liq xavf darajasi keskin ko‘tarilib bormoqda. Xususan, joriy yilning avgust oyida QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova “Tashkent city” hududidagi restoranlar O‘zbekiston Respublikasiga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarorini pisand qilmay, 20:00 dan keyin ham faoliyat yuritayotgani haqidagi tanqidiy-tahliliy reportaj tayyorladi va bu beboshlik jamoatchilikning haqli e’tirozini keltirib chiqardi.

Reportaj ommaga taqdim etilganidan bir kun o‘tar-o‘tmas, ijtimoiy tarmoqlarga Feruza Najmiddinovaning nomini bulg‘ovchi, hech qanday asosga ega bo‘lmagan nomaqbul video sizdirildi. Videoda ko‘p qavatli uyning balkonida ishqiy munosabatda bo‘layotgan ayol va erkak aks etgan bo‘lib, video qahramonlarini tanib olish juda qiyin. Shunga qaramay, ushbu videoning boshiga jurnalist Feruza Najmiddinovaning ish faoliyati davomida tushgan suratlari joylashtirilib, montaj qilingan va go‘yo nomaqbul video qahramoni jurnalist Feruza Najmiddinova ekani yozilgan. Haqiqat qaror topdi va bu video qahramoni Feruza Najmiddinova emasligi tasdiqlandi. 

Garchi, 3 oy oldin QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovaning shanini toptash, uni obro‘sizlantirish maqsadida qilingan tuhmat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa-da, hali hanuz aybdorlar topilgani yo‘q, mutasaddilar esa hamon jim.

Bu kabi tuhmat toshi KUN.UZ jurnalisti Rahmatilla Isroilovga ham otilgan edi. “Jurnalist mendan 1 gektar yer berishni so‘radi”, deb tuhmat qilib, qilmishi uchun jazosiz qolgan mansabdor yodimizda. Ish sudga topshirilgan edi. Ammo, Olmazor tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobov KUN.UZ muxbiriga tuhmat qilmagan, deb topilgan. Lekin jurnalistning yer so‘ragani ham isbotsiz qolgan. Pokuratura Vahobovning tushuntirishidan boshqa birorta dalil bo‘lmasa-da, jurnalist mansabdordan 1 gektar yer maydonini so‘ragan, deb topgan.

Achinarlisi, qarorda ushbu holat aynan nima bilan tasdiqlangani, Rahmatilla Isroilov Abdurasul Vahobovdan aynan qachon va nima maqsadda yer so‘ragani, buning evaziga qancha miqdorda pul (pora) taklif qilgani tafsilotlari bayon etilmagandi.

Qolaversa, KUN.UZʼning yana bir jurnalisti Ilyos Safarov davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikka amal qilishni talab qilib boshi baloga qolganini aytadi. Gap shundaki, jurnalist Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan brifingda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Yelena Babenkoning rus tilida taqdimot qilganiga e’tiroz bildirib, undan “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun bo‘yicha o‘zbek tilida chiqish qilishini so‘raydi. Sababi qonunda ham davlat tadbirlari va konferensiyalar davlat tilida o‘tkazilishi belgilangan.

“Aynan shu kundan keyin, bir hafta ko‘rmagan kunim qolmadi. Shunchalik bosimlar bo‘ldiki, hatto, oilamga ham tahdidlar bo‘ldi. Nima desam ekan, “Singling, otang, onang, ukang bor. Ularning qayerda ishlashi, qayerda o‘qishini bilamiz. Ularning tinch bo‘lishini xohlasang, o‘zing ham bu mavzuda tinch yur, degan tahdidlar bo‘ldi”, deydi Safarov.

Jurnalistlarga tahdid bilan bog‘liq yana bir holat AZON.UZ tahririyati sobiq bosh muharriri Abdulaziz Muborak bilan yuz bergandi. U ham o‘ziga nisbatan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mutasaddilari bosim qilganini yozgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

So'z erkinligi Qonun loyihasi So'z va matbuot erkinligi bosim

Baholaganlar

30

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing