Rossiya NATOning sharqiy qanotiga bosimni kuchaytiradi – Ukraina razvedkasi
Olam
−
15:58 766 1 daqiqa
Rossiya NATOning sharqiy qanotidagi davlatlarga bosimni kuchaytirib, alyansning bunga javobini sinab ko‘rishga urinadi. Bu haqda Ukraina Mudofaa razvedkasi boshlig‘i Oleg Ivashchenko “Ukrinform”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ivashchenkoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bosimni kuchaytirish orqali NATO davlatlarining Moskva bilan ochiq qarama-qarshilikka qanchalik tayyorligini tekshirmoqchi. Shuningdek, Kreml Yevropa mamlakatlariga axborot va psixologik ta’sir o‘tkazib, ularning Ukrainaga harbiy yordamini kamaytirishga erishishni ko‘zlamoqda.
Uning aytishicha, Rossiyaning Ruminiya, Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari havo hududini buzishi, NATO chegaralari yaqinidagi harbiy provokatsiyalar, Yevropadagi muhim infratuzilmaga qarshi diversiyalar, kiberhujumlar va dezinformatsiya kampaniyalari kuzatilmoqda.
Ivashchenko joriy yilning 30 iyul kuni Rossiyaning X-101 qanotli raketasi Polsha hududiga kirib kelganini ham eslatgan. Uning aytishicha, raketaning trayektoriyasi boshidanoq Ukraina hududiga uchirilgan boshqa raketalar yo‘nalishidan farq qilgan. Razvedka rahbari buni Rossiyaning NATOning “qizil chiziqlari”ni sinashga qaratilgan qasddan qilgan harakati deb baholadi.
Ukraina razvedkasi rahbarining fikricha, Moskvadaning maqsadi – NATO ittifoqchilaridan biriga qurolli hujum uyushtirilgan taqdirda alyansning jamoaviy mudofaa mexanizmi qanday ishlashini sinab ko‘rish.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urush davom etayotgan bir paytda NATO davlatlaridan biriga cheklangan hujum uyushtirib, alyansning qat’iyatini sinab ko‘rishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.