Yelkasida kafanini tashiyotganlar

Tahlil

image

Ommaviy axborot vositalari vakillari ham zamonga moslashyapti. Birovga yoqadimi,  yo‘qmi, menga ular yoqadi.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Jurnalistlar doim ogoh. Ular atrofida sodir bo‘layotgan adolatsizlik, qonunni chetlab o‘tish, korrupsiya, davlat va xalq mulkini talon-toroj qilish, o‘zlashtirishga jim qarab turolmaydi. Ular o‘z davlatiga nisbatan tashqaridan bo‘layotgan xurujlarga ham befarq emas. Albatta, ko‘pchilik jurnalistlarni yoqtirmaydi, ular bilan yuzma-yuz kelishga cho‘chiydi. Shunday bo‘lsa-da ko‘pchilikda topilmaydigan vatanparvarlik, millati uchun kuyunish aynan jurnalistlarda bisyor. Ular qoraga qarab oq, oqqa qarab qora deyolmaydi. Qisqasini aytganda, jurnalistlik – vijdon masalasi. Yuqoridagi ta’riflar esa haqiqiy jurnalistlarga xos. 

Biz aytgan jurnalist eng avval yuragida, so‘ng so‘zida jasoratni topishi uchun xavfsizligiga o‘zi ishona olishi kerak. Senzura, bosim, tazyiq, tahdid, zo‘ravonlik ochiq yoki yopiq shaklda davom etayotgan jamiyatlarda jurnalistlar hadik va qo‘rquv bilan muammolar orasiga shu qadar sho‘ng‘ib ketadiki, bora-bora bu muammolar ular uchun oddiy voqelikka aylanadi. Bu jamiyat esa tanazzulga yuz tutadi. 

Jurnalistlar doim ham iliq qabul qilinmasligi haqida so‘z ochdik. Shuning uchun ayrim jamiyatlarda tilini tiyib yurmagan jurnalistlar yo sharmanda qilinadi, yo ularga bosim o‘tkaziladi, yo o‘ldiriladi. 

Bugun, 2 noyabr – Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikga barham berish kuni. 

UNESCOʻning o‘ldirilgan jurnalistlar observatoriyasi hisobotiga ko‘ra, 2006 yildan 2020 yilgacha dunyo bo‘ylab 1200 dan ortiq jurnalist o‘ldirilgan. Achinarlisi, bu qotilliklarning deyarli 10 tasidan 9 tasi sudda ochilmagan. Albatta, jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonlikning bunday sikli qonun ustuvorligi va sud tizimi zaiflashganidan dalolat beradi.

Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikga barham berish, barcha fuqarolarning so‘z erkinligi va axborotdan foydalanishini ta’minlash rivojlangan XXI asrda ham eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Shu sababdan 2013 yilda BMT Bosh Assambleyasi o‘zining 68-sessiyasida 2-noyabrni Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish kuni, deb e’lon qildi. Bu sana 2013 yil 2 noyabrda Malida o‘ldirilgan ikki fransuz jurnalistining xotirasiga hurmat ko‘rsatish va jurnalistlarga nisbatan tahdidlarga qarshi kurashish maqsadida tanlangan. Rezolyutsiya a’zo davlatlarni jazosizlikka qarshi kurash bo‘yicha aniq choralar ko‘rishga chaqiradi. Bu muhim qarorda jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga qilingan har qanday hujum va zo‘ravonlik harakatlari qoralanadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi o‘n yil ichida dunyo bo‘yicha taxminan har to‘rt kunda bir jurnalist qotillik qurboni bo‘lgan.

“Qotilliklar ommaviy axborot vositalari senzurasining eng ekstremal shakli bo‘lsa-da, jurnalistlar o‘g‘irlash, qiynoqlar va boshqa jismoniy hujumlardan tortib, ta’qibga qadar, ayniqsa, raqamli sohada ham son-sanoqsiz tahdidlarga duchor bo‘lishadi. Jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonlik va hujumlar tahdidi, xususan ommaviy axborot vositalari xodimlarida qo‘rquv muhitini yaratib, barcha fuqarolar uchun erkin axborot, fikr va g‘oyalar oqimiga to‘sqinlik qilmoqda”, deyiladi UNESCO hisobotida.

So‘nggi yillarda ommaviy axborot vositalari xodimlari – jurnalistlarga nisbatan tazyiq va tahdid muhim muammo sifatida kun tartibiga chiqayotgan bir paytda, aynan jurnalist ayollarga, ularning jinsi va shaxsiga nisbatan tahdid qilish alohida muammo sifatida bo‘y ko‘rsatmoqda. Bu esa sohada ayol jurnalistlar keskin kamayishi, gender tengligi muvozanati buzilishi ehtimoli ortib borishiga sabab bo‘ladi.

Dunyo bo‘yicha jurnalist ayollarga nisbatan onlayn zo‘ravonlikning global tendensiyalari bo‘yicha so‘rovnomada qatnashgan jurnalist ayollarning 73 foizi o‘z faoliyati bilan bog‘liq holda internet orqali tahdid, qo‘rqitish va ta’qibga uchraganini aytgan.

O‘zbekistonda matbuot va so‘z erkinligiga nisbatan talab va uni ta’minlashga bo‘lgan harakatlarga xos ravishda jurnalistika kasbi bilan bog‘liq xavf darajasi keskin ko‘tarilib bormoqda. Xususan, joriy yilning avgust oyida QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova “Tashkent city” hududidagi restoranlar O‘zbekiston Respublikasiga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarorini pisand qilmay, 20:00 dan keyin ham faoliyat yuritayotgani haqidagi tanqidiy-tahliliy reportaj tayyorladi va bu beboshlik jamoatchilikning haqli e’tirozini keltirib chiqardi.

Reportaj ommaga taqdim etilganidan bir kun o‘tar-o‘tmas, ijtimoiy tarmoqlarga Feruza Najmiddinovaning nomini bulg‘ovchi, hech qanday asosga ega bo‘lmagan nomaqbul video sizdirildi. Videoda ko‘p qavatli uyning balkonida ishqiy munosabatda bo‘layotgan ayol va erkak aks etgan bo‘lib, video qahramonlarini tanib olish juda qiyin. Shunga qaramay, ushbu videoning boshiga jurnalist Feruza Najmiddinovaning ish faoliyati davomida tushgan suratlari joylashtirilib, montaj qilingan va go‘yo nomaqbul video qahramoni jurnalist Feruza Najmiddinova ekani yozilgan. Haqiqat qaror topdi va bu video qahramoni Feruza Najmiddinova emasligi tasdiqlandi. 

Garchi, 3 oy oldin QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovaning shanini toptash, uni obro‘sizlantirish maqsadida qilingan tuhmat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa-da, hali hanuz aybdorlar topilgani yo‘q, mutasaddilar esa hamon jim.

Bu kabi tuhmat toshi KUN.UZ jurnalisti Rahmatilla Isroilovga ham otilgan edi. “Jurnalist mendan 1 gektar yer berishni so‘radi”, deb tuhmat qilib, qilmishi uchun jazosiz qolgan mansabdor yodimizda. Ish sudga topshirilgan edi. Ammo, Olmazor tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobov KUN.UZ muxbiriga tuhmat qilmagan, deb topilgan. Lekin jurnalistning yer so‘ragani ham isbotsiz qolgan. Pokuratura Vahobovning tushuntirishidan boshqa birorta dalil bo‘lmasa-da, jurnalist mansabdordan 1 gektar yer maydonini so‘ragan, deb topgan.

Achinarlisi, qarorda ushbu holat aynan nima bilan tasdiqlangani, Rahmatilla Isroilov Abdurasul Vahobovdan aynan qachon va nima maqsadda yer so‘ragani, buning evaziga qancha miqdorda pul (pora) taklif qilgani tafsilotlari bayon etilmagandi.

Qolaversa, KUN.UZʼning yana bir jurnalisti Ilyos Safarov davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikka amal qilishni talab qilib boshi baloga qolganini aytadi. Gap shundaki, jurnalist Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan brifingda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Yelena Babenkoning rus tilida taqdimot qilganiga e’tiroz bildirib, undan “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun bo‘yicha o‘zbek tilida chiqish qilishini so‘raydi. Sababi qonunda ham davlat tadbirlari va konferensiyalar davlat tilida o‘tkazilishi belgilangan.

“Aynan shu kundan keyin, bir hafta ko‘rmagan kunim qolmadi. Shunchalik bosimlar bo‘ldiki, hatto, oilamga ham tahdidlar bo‘ldi. Nima desam ekan, “Singling, otang, onang, ukang bor. Ularning qayerda ishlashi, qayerda o‘qishini bilamiz. Ularning tinch bo‘lishini xohlasang, o‘zing ham bu mavzuda tinch yur, degan tahdidlar bo‘ldi”, deydi Safarov.

Jurnalistlarga tahdid bilan bog‘liq yana bir holat AZON.UZ tahririyati sobiq bosh muharriri Abdulaziz Muborak bilan yuz bergandi. U ham o‘ziga nisbatan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mutasaddilari bosim qilganini yozgandi.  

Bu tuhmat va bo‘htonlar faqatgina nomlari tilga olingan jurnalistlarga emas, balki butun xalqqa, inson sha’niga va so‘z erkinligiga qilingan xiyonatdir.

Biz erkin va demokratik jamiyat qurish yo‘lidan borishni istar ekanmiz, o‘zimizga o‘zimiz mahliyo bo‘lib, qarsaklar bilan olqishlayotgan demokratiyamizni erkin va adolatli ommaviy axborot vositalariciz qurib bo‘lmasligini ham tan olishimiz kerak. Oynaga qaramaganingiz sari yuzingizdagi dog‘larni farqlamaysiz. Hatto, dunyoda eng go‘zal, eng kelishgan, eng aqlli odam o‘zim degan xayollar bilan yashaysiz. Haqiqat esa oynada emas, eng avvalo sizga qarab turganlar ko‘zida aniq ravshan va ayon. Shunday ekan, sizning qandayligingizni ko‘rsatgan oynadan o‘pkalashdan ne naf?! Jurnalistlar ham oyna misoli. Ular jamiyatdagi muammolarni ko‘rsatmas ekan, o‘sish ham, rivojlanish ham bo‘lmaydi. 

Afsuski, bugun jurnalistning faoliyatiga to‘sqinlik qilish, unga tazyiq o‘tkazishga nisbatan qonunchilikda aniq choralar belgilanmagani uchun jurnalist “tepib” o‘tish mumkin bo‘lgan shaxsligicha qolmoqda. Lekin jurnalistning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar qachongacha uzr va "odob darslari" bilan qutiladi?


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

107

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing