Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov vafot etdi
Jamiyat
−
11 Oktabr 2020
9053O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi uyushma boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli jurnalist va shoir Sa’dulla Hakimov bugun, 11 oktyabr kuni 69 yoshida vafot etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda.
Sa’dulla Hakimov 1951 yil 25 martda Jizzax viloyatining Forish tumanida tug‘ilgan.
1977 yili O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini G‘allaorol tumanida o‘qituvchilikdan boshlagan. O‘zbekistonda sotsial ta’minot” jurnali mas’ul kotibi, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bo‘lim mudiri, “O‘zbekiston ovozi” gazetasi bo‘lim mudiri, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi mas’ul kotibi, “Ma’rifat” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Axborot markazi rahbarining o‘rinbosari, rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari, “Turkiston-press” nodavlat axborot agentligi bosh direktori, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bosh muharriri lavozimlarida ishlagan.
2016 yilning 29 dekabridan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Sa’dulla Hakimov Vatan va yurt oldidagi xizmatlari uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni (2002yil), “Mehnat shuhrati”ordeni(2019 yil) bilan taqdirlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, uning vafotiga koronavirus xastaligi sabab bo‘lgan. Marhum bugun, 11 oktyabr kuni peshin namozidan keyin dafn etiladi.
QALAMPIR.UZ tahririyati a’zolari marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.
LiveBarchasi