Jurnalist Ramina Yagafarovaning o‘limi ortidan 2 shifokor jazolandi
3-sahifa
−
15 aprel
118712023 yilda vafot etgan “Dunyo bo‘ylab” telekanalining marhum 31 yoshli boshlovchisi Ramina Yagafarovaning o‘limi ortidan u jon bergan xususiy klinikaning ikki shifokori jinoiy jazoga tortildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Sud materiallarida qayd etilishicha, A.K. va O‘.K. ismli ushbu tibbiyot xodimlari “Doctor Servis” MCHJga qarashli xususiy klinikada reanimatolog shifokor bo‘lib ishlab kelgan.
2023 yilning 12 sentyabr kuni Ramina Yagafarova xususiy klinikada davolanayotgan onasini ko‘rgani kelib, betobligi sababli o‘zi bilan birga olib kelgan “Taygeron” nomli dori vositasini iste’mol qilib, mazkur dori vositasining reaksiyasi oqibatida anafilaktik shok holatiga tushib qolgan.
Shifokor O‘.K. jurnalistda anafilaktik shok holati yaqqol ko‘rinib turganiga qaramasdan unga “dori vositalaridan anafilaktik reaksiya” tashxisini noto‘g‘ri qo‘yib, dastlabki davo choralarini patogenetik yo‘nalishga mos bo‘lmagan usulda olib borgan. Sog‘liqni saqlash vazirining 2021 yil 30 noyabrdagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Anafilaktik shok bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha milliy klinik protokol”da bunday bemorga inson organizmining ichki a’zolari faoliyatini tiklovchi “Epinefrin” (Adrenalin) dori vositasi qo‘llanishi to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilganiga qaramasdan shifokor beparvolik bilan mazkur dori vositasini qo‘llashni buyurmagan.
Bundan tashqari, O‘.K. Yagafarovaga so‘roq ostida pnevmoniya tashxisini qo‘ygan bo‘lsa ham, rengten tekshiruvlari o‘tkazib, pnevmoniya tashxisi bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmagan.
Shu kabi, O‘.K. bemordagi anafilaktik shok holatini bartaraf etish, uning hayotini saqlab qolish hamda davo usulini tanlash maqsadida allergolog va terapevt mutaxassislarining maslahatini olmasdan, kelgusida turli xil anafilaktik shok tashxisini bartaraf etishga patogenetik yo‘nalishiga mos bo‘lmagan, to‘g‘ridan to‘g‘ri davolashga mo‘ljallangan dori vositalaridan chetga chiqqan holda, ushbu kasallikni bartaraf etishga moslashmagan hamda qarshi ko‘rsatmalarga ega bo‘lgan turli dori vositalari, ya’ni “Gistamin-liberatori” hisoblanuvchi, ya’ni hujayra ichidagi “Gistamin” moddasini qonga yanada ko‘p miqdorda chiqishi va anafilaktik reaksiyani yanada kuchaytiruvchi qarshi ko‘rsatmalari bo‘lgan “Kalsiy glyukonat” dori vositalarini hamda qorindagi kuchli og‘riqni qoldirish maqsadida tarkibida “narkotik” moddasi bo‘lgan “Promedol” dori vositasini qo‘llashni buyurgan.
Shuningdek, O‘.K. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekistondagi dori vositalarining qo‘llanmalari haqidagi “Spravochnik vidal” nomli kitobda “Natriy gidrokarbonat” dori vositasi tutqanoq xurujini keltirib chiqarishga moyilligi qayd etib o‘tilgan bo‘lsa-da, to‘g‘ridan to‘g‘ri anafilaktik shok holatida qo‘llanmaydigan 400 ml dozada “Natriy gidrokarbonat” dori vositasini qo‘llagan.
Sud hujjatiga ko‘ra, shifokor O‘.K. o‘z kasbiga beparvolik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lgan va bemor 12 soat vaqt mobaynida qarovsiz qolib ketgan.
Ikkinchi shifokor A.K. esa Yagafarovani umumiy og‘ir ahvolda qabul qilib olgan hamda bosh shifokor M.I. bilan birgalikdagi ko‘rikda unga “anafilaktik shok” hamda “qarindoshlari so‘zidan tutqanoq sindromi” tashxisini qo‘ygan. U Yagafarovaning ahvoli og‘ir bo‘lsa ham uni anafilaktik shok holati bo‘yicha davo muolajalarini olib borishga ixtisoslashtirilgan muassasaga ko‘chirish choralarini ko‘rmagan. Bemorning tibbiy kartasiga “bemor va uning qarindoshlariga ixtisoslashtirilgan davolash muassasasiga ko‘chirish taklif qilingani, biroq bemor va uning qarindoshlari bunga rozilik bermagani” haqidagi yozuvlarni kiritish bilan cheklangan.
A.K. ham Yagafarovaga mazkur kasallikni bartaraf etishga moslashmagan hamda qarshi ko‘rsatmalarga ega bo‘lgan turli dori vositalari, ya’ni arterial qon bosimining yanada pasayishiga olib keluvchi qarshi ko‘rsatmalari mavjud bo‘lgan “Natriy tiosulfat” hamda “Kalsiy glyukonat” dori vositalarini qo‘llashni buyurgan.
Ushbu ikki shifokor bemor Ramina Yagafarovaga tibbiy yordam ko‘rsatish davomida “Anafilaktik shok bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha milliy klinik protokol” talablariga zid ravishda tibbiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan. Buning oqibatida bemorning umumiy ahvoli og‘irlashgan va “tutqanoq xuruji” yuz bergan. So‘ngra u yuqori nafas yo‘llari ovqat massalari bilan berkilishi oqibatida mexanik asfiksiya-aspiratsion sindromidan vafot etgan.
Joriy yilning 7 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida bo‘lib o‘tgan sudda har ikkala shifokor ham aybini tan olmagan. Sud hukmi bilan O‘.K. va A.K. Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Ularning har biriga 1 yil 6 oy muddatga sog‘liqni saqlash tizimida reanimatolog vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shu bilan birga, ulardan solidar tartibda jabrlanuvchining qonuniy vakili foydasiga 334 million 150 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 31 dekabr kuni Ramina Yagafarovaning singlisi Diana Irtuganova Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning yordamchisi Saida Mirziyoyevaga murojaat qilgandi. U Prezident va Prezident yordamchisidan opasining o‘limi bo‘yicha tergovga aralashishlarini so‘ragan. Diana Irtuganovaning so‘zlariga ko‘ra, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganiga qaramay, tergov cho‘zilib bormoqda va o‘tkazilgan ekspertizalar “Doctor Servis” klinikasi shifokorlarining aybi borligini tasdiqlagan. U klinika egasi sobiq futbolchi Server Jeparov ekani va u o‘z aloqalaridan foydalanib tergovga ta’sir o‘tkazishi mumkinligini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi