“Jurnalistika jinoyat emas”: Oq uy Rossiyadan Gershkovichni qo‘yib yuborishni talab qildi

Olam

image

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Rossiyada hibsda saqlanayotgan “The Wall Street Journal” jurnalisti Evan Gershkovich umuman hibsga olinmasligi kerakligini, jurnalistika jinoyat emasligini aytdi. Uning so‘zlarini “Deutsche Welle” nashri keltirdi.

“U umuman hibsga olinmasligi kerak edi. Jurnalistika jinoyat emas. Uni zudlik bilan qo‘yib yuborish kerak”, deydi Jon Kirbi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rasmiylarida konsullik tomonidan jurnalist bilan uchrashishni rad etishga asos yo‘q. AQSHning Rossiyadagi elchisi Treysi Linning ko‘plab so‘rovlariga qaramay, hozircha unga faqat ikkita konsullik tashrifiga ruxsat berilgan.

“AQSH Davlat departamenti Gershkovichni rasman noqonuniy ushlab turilgan deb hisoblaydi. Bu esa Vashingtonga uni ozod qilishning qo‘shimcha mexanizmlaridan, jumladan, almashinuv bo‘yicha muzokaralardan foydalanishga imkon beradi”, deydi Kirbi.

Gershkovich 100 kundan ortiq muddatga Moskvadagi Lefortovo qamoqxonasida tergov hibsxonasida saqlanmoqda. Sud may oyida uning qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini 30 avgustgacha uzaytirgan. 

Mutaxassislarning qo‘shimcha qilishicha, jurnalist 20 yillik qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Gershkovichni Amerika tomonining ko‘rsatmasi asosida Rossiya harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plaganlikda ayblab, hibsga olgan edi. Unga qarshi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi (josuslik) bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan edi. WSJ va AQSH hukumati bu ayblovlarni rad etgan, davlat departamenti esa Rossiyadagi Amerika fuqarolarini mamlakatni tark etishga chaqirdi.

Ma’lumot uchun, u 1986 yildan beri Rossiyada ushbu ayblov bilan hibsga olingan birinchi xorijlik muxbir bo‘ldi. Shuni eslatish zarurki, 2022 yilda Rossiya Federatsiyasida davlatga xiyonat bo‘yicha 24 ta ish qo‘zg‘atilgan, 16 kishi shunday ayblov bo‘yicha sudlangan. 2023 yilning dastlabki olti oyida esa kamida 43 nafar shaxsga ushbu ayblov qo‘yildi.


Maqola muallifi

Teglar

jurnalist Jon Kirbi Evan Gershkovich

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing