Jurnalist kamerasining “fleshka”sini yeb yuborgani aytilgan Ishtixon hokimligi xodimiga hayfsan berildi

Jamiyat

image

Avvalroq, Samarqand viloyatining Ishtixon tumani hokimligi Matbuot xizmati xodimi yong‘in sodir bo‘lgan bozor hududidan lavha tayyorlash uchun borgan MY5 telekanali jurnalistining kamerasidagi xotira kartasini yutib yuborgani haqida xabar bergan edik.

Bugun, 16 iyun kuni Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati hamda AOKA hududiy boshqarmasi tomonidan ikkala tomon ishtirokida o‘rganildi.

Ta’kidlanishicha, MY5 telekanali muxbiri Otajon Rabbonaqulov va hokimlik axborot xizmati rahbari Ilhom Boboyevning fikrlari, vajlari eshitilgan.

Ilhom Boboyevga ko‘ra, yong‘in bo‘lgan joy xavfli holatda ekanligini inobatga olib, yonib ketgan ustunlar odamlar ustiga qulashi mumkin, degan xavotirda fuqarolar tarqalgandan keyin tasvirga olasizlar, deb jurnalistdan kamerani o‘chirib turishni so‘ragan. Natijada o‘rtada kelishmovchilik yuzaga kelgan. Ammo baribir keyinchalik telekanal xodimlari tasvirga olishni davom ettirgan. 

“Matbuot kotibi kamera xotira kartasini (fleshka) olmaganligini, yutib yubormaganligini, bu gaplar asossiz ekanligini bildirdi. Biroq, tasvirga olmanglar, odamlar tarqalsin keyin tashkillashtirib beraman deb, operatorga aytib, kameraga teginganini aytdi”, deyiladi xabarda.

My5 telekanali muxbiri Otajon Rabbonaqulov ham boshida tuman hokimligi axborot xizmati rahbari tasvirga olishga qarshilik ko‘rsatganligini, keyinchalik esa muxbir tuman hokimi va boshqa bir qator fuqarolardan intervyu olganligini, matbuot kotibi bilan bozor hududini birga (boshqa fuqarolar ishtirokisiz) tasvirga olishganligini bildirgan.

Kamera xotira kartasini (fleshka) matbuot kotibi yutib yuborganligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaganligini, boshqalardan bu haqda eshitgani hamda o‘zi tayyorlagan lavhada ham va boshqa nashr muxbirlari bilan suhbatda ham flesh xotira yutib yuborildi degan so‘zni ishlatmaganligini bayon etgan. Muxbir kameraning ishdan chiqqanligi vaji bo‘yicha esa ayni paytda fotokamera ishlab turganligini, biroq, tasvir sifati biroz pastligini (tasvirlar qoraroq) ham bildirgan.

O‘rganish yakunida ikkala tomonga ham qonunchilik talablari va tartib-qoidalar tushuntirilgan.

Ishtixon tuman hokimining 2021 yil 16 iyundagi farmoyishi bilan Boboyev Ilhomjon Isoqovichga “Hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligi ma’lum qilingan.

My5 telekanali muxbiri Otajon Rabbonaqulovga esa telekanal mulkiga ziyon yetkazilganligi vaji bo‘yicha asos mavjud bo‘lgan holatda sudga murojaat qilish zarurligi tushuntirilgan. Muxbir esa kamera buzilganligi holati bo‘yicha sudga murojaat qilmasligini, da’vosi yo‘qligini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

jurnalist Ishtixon

Baholaganlar

112

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing