Jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovning vafoti bilan bog‘liq haqiqatlar ochiqlandi
Tahlil
−
12 noyabr 2019
14339Xabaringiz bor, joriy yilning 6 noyabr kuni xorazmlik 48 yashar jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov YTHga uchrab, vafot etgan edi. Uning vafoti ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Tanqidiy materiallari bilan tilga tushgan, qolaversa, yaqinda ma’muriy javobgarlikka ko‘ra, 7 sutka qamoq jazosiga hukm etilgan Ro‘zmetovning vafoti uyushtirilganmidi? Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bo‘hton ma’lumotlarga rasmiy bayonot berish va tergovga oid ma’lumotlarni OAV va jamoatchilikka yetkazish maqsadida bugun, 12 noyabr kuni Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentiligida Matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda AOKA direktori Komiljon Allamjonov, Xorazm viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari Ahmadjon Po‘latov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev, Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov, ommaviy axborot vositalari xodimlari, Davlatnazar Ro‘zmetov bilan so‘nggi bor ko‘rishgan advokat-do‘sti Umidbek Davletov, marhumning jiyani Furqat Ro‘zmetov ishtirok etdi.
Voqea qanday ro‘y berdi?
Taxminan soat 23:00 atrofida fuqaro Safarov o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “Gazel” rusumli avtomashinasida “Urganch-Xiva” yo‘lining 5-kilometrida harakatlanib ketayotgan vaqtida piyoda, 1971 yilda tug‘ilgan, “Jamiyat” gazetasining muxbiri Davlatnazar Ro‘zmetovni avtomashinaning chap yon tomoni bilan urib yuboradi. Olgan tan jarohati oqibatida piyoda Ro‘zmetov voqea joyida vafot etadi.
Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Xo‘sh, Piyoda Ro‘zmetov voqea joyiga qanday borib qolgan?
6 noyabr kuni Davlatnazar Ro‘zmetov advokat do‘sti Umid Davletov bilan Urganch shahrida uchrashadi. Ular soat 17:23 da Urganch shahridagi “Yagona” nomli kafega kiradilar. Soat 21:00 dan o‘tgandan keyin kafega yana bir do‘stlari G‘ayrat Bobojonovni chaqiradilar. Uchovlon kafedan chiqib, Urganchda mehmon bo‘lib turgan Umid Davletovni mehmonxonaga joylashtirish maqsadida “Xorazm Palace” mehmonxonasiga boradilar. Soat 22:18 da ular mehmonxonada chiqishadi. Shu vaqtda marhum Davlatnazar Ro‘zmetov o‘z uyiga, Qo‘shko‘pir tumaniga ketishi kerak bo‘ladi. Uni do‘stlari mehmonxona joylashgan yo‘lning narigi betidan yo‘nalishsiz taksiga o‘tkazib yuboradilar.
“Urganch tumanidan Qo‘shko‘pirga borganlar yaxshi biladi. U yerda “Mash’al” degan do‘kon bor. Shu yerda Qo‘shko‘pirga ketadigan taksilar to‘xtash joyi bor. Davlatnazar aka shu yergacha kelishuv qilib, taksiga o‘tiradi. Uni kuzatib qo‘ygandan keyin, Umid aka va G‘ayrat aka yana “Yagona” kafesiga qaytadilar”, deydi voqeye xronologiyasini izohlab berayotgan Xorazm viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari Ahmadjon Po‘latov.
Ro‘zmetov Qo‘shko‘pirga eltadigan taksilar to‘xtash joyiga yetgach, Nexia rusumidagi avtomobil egasi bilan kelishuv qiladi va avtomobilga o‘tiradi. Avtomobil esa “Urganch-Xiva” yo‘lida yurib borarkan, yonilg‘i to‘ldirish uchun yo‘ldagi Avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida to‘xtaydi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan yo‘lovchi Davlatnazar Ro‘zmetov shoxobchaga kirishda tushib qoladi. Soat 22:48 da avtomobil shoxobchadan chiqadi va Ro‘zmetov unga o‘tirib, manzil tomon yo‘l oladi.
“Urganch-Xiva” yo‘lining 5-kilometriga yetganda, Ro‘zmetov va haydovchi o‘rtasida og‘zaki tortishuv bo‘ladi. Oqibatda Ro‘zmetov jahl ustida avtomashinadan bekatda tushib qoladi. Uning vafotiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi ham aynan shu yerda sodir bo‘lgan. Yo‘lning yoritilmagani, qolaversa, Ro‘zmetovning bosh kiyimini yechib, taksi to‘xtatish uchun yo‘l o‘ratasigacha chiqishi natijasida Safarov boshqaruvida bo‘lgan “Gazel” avtomobili uni urib, yo‘lning qarama-qarshi tarafiga uloqtirib yuboradi.
Davlatnazar Ro‘zmetov, Umid Davletov G‘ayrat Bobojonov bilan bog‘liq voqealar xronologiyasini “Yagona” kafesining ichi va tashqarisi, “Xorazm Palace” mehmonxonasining ichi va tashqarisi, “Urganch-Xiva” yo‘lida joylashgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi tashqarisiga o‘rnatilgan kameralardagi qaydlar tasdiqlaydi. Qolaversa, guvohlar ham. Anjumanda jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov bilan so‘nggi bor uchrashgan do‘sti – advokat Umid Davletov ham so‘z olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va ko‘plab munozaralarga sabab bo‘layotgan marhumning vafoti uyushtirilgani bilan bog‘liq gap-so‘zlarni inkor etdi va tergov jarayoniga oid hujjatlarda keltirilgan ma’lumotlarni tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 29 oktyabr kuni “Xorazm yoshlari” gazetasi muharriri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan paytida hibsga olinib, Qo‘shko‘pir tumani ma’muriy sudi tomonidan 7 sutkalik qamoq jazosiga mahkum qilingan edi. Mazkur voqea jurnalistning vafoti bilan bog‘liq turli mish-mishlarning bolalashiga sababchi bo‘ldi.
LiveBarchasi