Amakimning joniga suiqasd qilishga hech kim “zainteresovan” bo‘lmagan – Ro‘zmetovning jiyani
Tahlil
−
13 noyabr 2019
9270Ma’lumki, joriy yilning 6 noyabr kuni o‘zining tanqidiy chiqishlari bilan e’tiborga tushgan 48 yashar xorazmlik jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov YTHga uchrab vafot etdi. Uning vafoti bilan bog‘liq ilk xabarni jurnalistning jiyani Furqat Ro‘zmetov Facebook’dagi sahifasi orqali yetkazdi.
Kecha, 12 noyabr kuni Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan Matbuot anjumanida Davlatnazar Ro‘zmetovning vafotiga sabab bo‘lgan YTHga oid tergov jarayoni haqida ma’lumot berildi. Shu kundagi voqealar xronologiyasi barcha dalillar bilan ko‘rsatildi.
Anjumanda Davlatnazar Ro‘zmetovning jiyani Furqat Ro‘zmetov ham so‘z olarkan, amakisining vafoti uyushtirilganiga ishonmasligi, bu baxtsiz hodisa bo‘lganini aytadi.
“Yo‘l-transport hodisasi haqidagi xabarni olgach, ishonmay, hayron bo‘lib, shoshib qoldik. Voqea joyiga yetib bordik. U ko‘chaning yoritilmagan qismida piyodalar uchun belgilanmagan yo‘lni bosib o‘tgani ko‘rinib turgandi. Tez tibbiy yordam uni olib ketgan, keyin vafot etgani haqida bizga xabar berishgan. 6 noyabrdan 7 noyabrga o‘tar kechasi soat taxminan 03:00 da Davlatnazar akamning vafot etgani haqida Facebook’dagi sahifamda xabar qoldirdim. Davlatnazar akamning faoliyatini ko‘pchilik Facebook orqali yaxshi tanir edi. Tuman va shaharlarda, viloyatlarda o‘ziga yarasha tanish-bilishlari bo‘lgani uchun vafoti haqida xabar berishni maqsad qilib, ijtimoiy tarmoqqa yozdim.
Ertalab ma’rakaga tayyorgarlik ko‘rish vaqtida internetga qaradim. O‘sha vaqtda juda xafa bo‘lib ketdim. Chunki inson oilasining musibati haqida biror xabar qoldirib, marhumni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun do‘stlari, yoru birodarlarini taklif qilish uchun yozganda, u yerdagi izohlarni ko‘rib juda xafa bo‘ldim. Bilar-bilmas, tushunar-tushunmas uyushtirilgan degan izohlarni o‘qib xafa bo‘ldim”, deydi Furqat Ro‘zmetov.
Butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham jurnalistlar boy-badavlat yashamaydi. Ular doim xalq orasida, odamlarning dardu tashvishlari bilan kun kechiradi. Davlatnazar Ro‘zmetov ham ana shunday og‘ir yukni bo‘yniga olgan jurnalistlardan bo‘lgan. Uning jiyani anjumandagi nutqini davom ettirarkan, Ro‘zmetovning uch farzandi va oilasi boquvchisiz qolgani, ularga ijtimoiy himoya kerakligini aytadi.
“Mavridi kelganda, Davlatnazar akaning qonuniy vakili – turmush o‘rtog‘ining gaplarini yetkazib qo‘yishni to‘g‘ri deb bilaman. Amakimning oilaviy sharoitini ko‘pchilik yaxshi bilgan. U kishining ortidan uch farzandi qoldi. Rafiqasi ham ishsiz bo‘lgan. Oilamiz uch farzandni yolg‘izlatib qo‘ymaydi, hech kimning xafa qilishiga ham yo‘l qo‘ymaymiz. Lekin baribir hammaning o‘z tashvishi bor. Men bu davrada o‘tirgan jurnalistlardan so‘rardimki, uning oilaviy sharoiti bilan tanishsangiz, u mol-davlatga umuman qiziqmaganini ko‘rasiz. O‘zini jurnalistikaga bag‘ishlagan edi. Hatto, haftalab, oylab uyga kelmay, ishi bilan shug‘ullangan”, deydi jurnalistning jiyani.
Davlatnazar Ro‘zmetov “Jamiyat” gazetasida faoliyat yuritgan. Ammo vafotidan avval, oktyabr oyida ishdan bo‘shagan. Bu orada rasman hech qayerda ishlamagan.
Furqat Ro‘zmetovning murojaatidan keyin Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov yana bir bor Davlatnazar Ro‘zmetovning oilasiga hamdardlik bildirib, agentlik tomonidan uning oilasiga yordam va ijtimoiy himoya albatta berilishini ta’kidladi va bu bilan shug‘ullanishni agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonovga yukladi.
Furqat Ro‘zmetov so‘zini yakunlar ekan, quyidagilarni aytadi:
“Marhumning xotirasini toptamaslik uchun ijtimoiy tarmoqlardagi noto‘g‘ri fikrlarga o‘z munosabatingizni bildirasiz, deb o‘ylaymiz. Chunki asl voqea Facebook’da yozilganidek bo‘lmagan, buni men o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim. Insonning izidan shu qadar bo‘hton qilib, boshqa tashkilotlarning nomiga aytilgan gaplarni ko‘rib, juda xafa bo‘lib ketasan. Bu yerda hech kim “zainteresovan” emaski, amakimning joniga qasd qilishsa. Men uning eng yaqin insonlaridan biriman. Otam vafot qilgach, otam o‘rnida ota bo‘lgan. Shuning uchun matbuot anjumanida berilgan ma’lumotlarga asoslangan holda marhumning xotirasini hurmat qilasizlar, degan umiddaman”.
Furqat Ro‘zmetov bu fikrlarga kecha yo bugun, qaysidir tashkilotlarning bosimi bilan kelgani yo‘q. U amakisining ma’raka kunidayoq, ya’ni 7 noyabrda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida shunday so‘zlarni yozib qoldirgan edi:
“Davlatnazar Ro‘zmetovning vafotini qandaydir boshqacha talqin qilib, turli internet saytlari bo‘lar-bo‘lmas narsalarni yozmoqda. Iltimos, Sizlardan bir inson vafotini Siyosiy narsaga aylantirmang... Ollohimning irodasi shu... Marhumning yaqinlariga oson tutmang. Barchaga iltimosim. “Kommentariya”larda qandaydir fitna yoki boshqacha gaplarni nazarda tutuvchi fikrlarni keragi yo‘q... Bilmay turib aytmanglar...”
Eslatib o‘tamiz, Davlatnazar Ro‘zmetov joriy yining 6 noyabr kuni “Urganch-Xiva” yo‘lining 5-kilometrida YTHga uchrab, voqea joyida vafot etgan edi. 48 yashar jurnalist 2018 yil 29 oktyabr kuni “Xorazm yoshlari” gazetasi muharriri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan paytida hibsga olinib, Qo‘shko‘pir tumani ma’muriy sudi tomonidan 7 sutkalik qamoq jazosiga mahkum qilingan edi. Mazkur voqea jurnalistning vafoti bilan bog‘liq turli mish-mishlarning bolalashiga sabab bo‘ldi.
LiveBarchasi