"Nukus city” qurilishi uchun 400 dan ortiq uylar buziladi
Jamiyat
−
13 noyabr 2019
5318Shavkat Mirziyoyevning “Respublika hududlarida “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Nukus shahri markazida “Nukus city” shaharchasi barpo qilinadi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Shahar ichidagi yangi shaharning qurilish ishlari kelgusi yilda boshlanadi.
Nukus shahri arxitektura va qurilish bo‘limi arxitektori Azamat Orazimbetov taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, Prezident qarori ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan 2019 yil 26 fevralda “Nukus city” zamonaviy ishbilarmonlik markazini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Bugungi kunda “Nukus city” loyihasining yangi varianti ishlab chiqilgan. Yangi shaharcha shahar markazidan oqib o‘tuvchi “Do‘stlik” kanalining chap qirg‘og‘idagi maydonga, ya’ni “Turon” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli hududda barpo etiladi. Qurilish ob’ektlari uchun birinchi bosqichda 43 gektar yer maydoni tanlangan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda bu 53 gektarga yetkazildi. “Nukus city”ning umumiy maydoni 70 gektardan ortiq bo‘ladi.
Qurilish uchun belgilangan hududda 400 dan ortiq xususiy uylar bosqichma-bosqich buzilishi belgilangan. Ijtimoiy ahamiyatga ega ba’zi yirik ob’ektlar – masjid, sport kolleji, suv basseyni, futbol stadioni va yangi qurilgan 4-5 qavatlik uylar buzilmaydi.
“Nukus city”da dastlab 16 qavatlik uylar qurilishi rejalashtirilgan. Undan tashqari 20 qavatli mehmonxona, biznes markazlari, ko‘ngilochar maskanlar, banklar, savdo do‘konlari qurilishi ham nazarda tutilgan.
Xususiy uylarni buzib, ko‘chirish ishlari 3 bosqichda olib boriladi. Birinchi bosqichda 140 ta uyning buzilishi va uning egalarini boshqa joyga ko‘chirish ishlari reja qilingan.
Shahnoza To‘ramurotova
LiveBarchasi