Marhum Davlatnazar Ro‘zmetovga kuch ishlatar tuzilmalardan tazyiqlar bo‘lganmi? Advokat izoh berdi

Tahlil

image
Jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovning vafoti bilan bog‘liq haqiqatlar ochiqlandi north_east

Jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovning vafoti bilan bog‘liq haqiqatlar ochiqlandi

Marhum jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovga nisbatan kuch ishlatar tuzilmalar, xususan Ichki ishlar organlari tomonidan hech qanday tazyiqlar bo‘lmagan. Bu haqda bugun Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ro‘zmetovning vafotiga oid tergov ishi bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z bordi. 

Anjumanda Davlatnazar Ro‘zmetov bilan so‘nggi bor muloqotda bo‘lgan va uchrashgan do‘sti, advokat Umid Davletov ham so‘zga chiqib, marhum bilan YTH ro‘y bergan kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga borganini aytdi. 

“Joriy yilning 6 noyabr kuni himoyam ostida bo‘lgan Nafosat Ollashukorova ishi bo‘yicha Urganch shahriga bordim. Urganch aeroportidan chiqiboq Davlatnazar akaga qo‘ng‘iroq qildim va ular bilan uchrashmoqchi ekanim, hozirgi kunda ahvoli qandayligini bilmoqchiligimni aytdim. Davlatnazar aka haqida gapirish menga qiyin. U mening qadrdon do‘stim edi. 

Telefon orqali bog‘lanib, uchrashdik. Uchrashganimizda u kishi nihoyatda xursandligini, unga nisbatan tuhmat qilib yozilgan arizalar bo‘yicha to‘liq tekshiruvlar o‘tkazilib, Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan barcha ma’muriy ishlar tugatilganligini, hozirgi kunda uning jurnalistik faoliyatiga hech qanday to‘sqinlik yo‘qligini, aksincha, Davlatnazar akaga Xorazm viloyati IIB rahbariyati tomonidan maqolalar bilan hamda uning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ijobiy ishlar qilingani to‘g‘risida faxrlanib, xursand bo‘lib gapirib berdilar. 

Shu bilan birga, menga “yuring, siz bilan Xorazm viloyati IIBga boraylik, boshliqning birinchi o‘rinbosari Tohir Qozoqovning yoniga birga kiraylik , siz ham undan bo‘lib o‘tgan holatlarni eshiting, guvohi bo‘ling”, dedi. Keyin biz birgalikda IIBga bordik, Qozoqovning qabuliga kirdik. U yerda taxminan yarim soat samimiy suhbat bo‘ldi. Qozoqov yana bir bor ularga qarshi yozilgan ariza o‘z tasdig‘ini topmaganini aytdi.  Shu sababli barcha ma’muriy ish yurituvidagi hujjatlar yopilgan. “Siz bemalol ishingizni qilishingiz mumkin, hech qanday to‘sqinlik yo‘q. Bizdan sizning jurnalistik faoliyatingizni rivojlantirish uchun qanday yordam kerak bo‘lsa, yordam berishga tayyormiz”, dedi u. 

Davlatnazar aka IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari “Menga qanaqa maqola berishingiz mumkin”, deb hazillashdi. Qozoqov esa “Hozir Qo‘shko‘pir tumanida bir og‘ir jinoyat sodir etildi. Biz bu jinoyatni ochib bo‘ldik. Faqat gumonlanuvchini ushlash qoldi. Mana shu maqolani birinchi bo‘lib sizga beramiz. Siz esa o‘z gazetangiz orqali yoritasiz. Biz siz bilan hamkorlikda ishlayveramiz. Bizda siz bilan hamkorlikni to‘xtatishga, hamkorlik qilmaslikka biror bir asos yo‘q”, deb aytdi”, deydi advokat Umid Davletov.  

U so‘zida davom etarkan, Davlatnazar Ro‘zmetovni oxirgi bor ko‘rgan yaqini ekanini aytadi va voqealar aynan tergov jarayonida ochiqlanganidek ro‘y berganini tasdiqlaydi. Davletovning qayd etishicha, shu kuni Davlatnazar Ro‘zmetovning kayfiyati juda yaxshi bo‘lgan. 

“Kechki oqvatdan keyin men mehmonxonada qolishim, ular esa uylariga ketishlari kerak edi. Ikkimiz “Yagona” kafesiga bordik. U kishi nihoyatda xursand edi. Ularni bunday xushchaqchaq holatda ko‘rmaganman. Kafega do‘stlari G‘ayrat Bobojonovni chaqirdilar. Uchalamiz birga o‘tirdik. U yerdan chiqqach men mehmonxonada qolishim kerak edi. Shu bois mehmonxonaga bordik. Xona narxi va boshqa ishlarni Davlatnazar aka hal qildilar. Men ular bilan yana suhbatlashish uchun mehmonxonada qolishlarini so‘radim. U kishi esa oila a’zolarining yoniga borib, ertalab qaytib kelishini aytdi. Keyin G‘ayrat Bobojonov bilan birga Davlatnazar akani mehmonxonaning qarshisidagi yo‘ldan taksiga o‘tkazib yubordik. Ularni oxirgi bor ko‘rganim shu edi”, deydi Umid Davletov so‘zlarini yakunlarkan. 

Eslatib o‘tamiz, Davlatnazar Ro‘zmetov joriy yining 6 noyabr kuni “Urganch-Xiva” yo‘lining 5-kilometrida YTHga uchrab, voqea joyida vafot etgan edi. 48 yashar jurnalist 2018 yil 29 oktyabr kuni “Xorazm yoshlari” gazetasi muharriri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan paytida hibsga olinib, Qo‘shko‘pir tumani ma’muriy sudi tomonidan 7 sutkalik qamoq jazosiga mahkum qilingan edi. Mazkur voqea jurnalistning vafoti bilan bog‘liq turli mish-mishlarning bolalashiga sabab bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Davlatnazar Ro'zmetov Umid Davletov

Baholaganlar

60

Reyting

3.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing