Jurnalist ayol prezident saylovida Putinga qarshi kurashmoqchi
Olam
−
18 dekabr 2023
10404Rossiyadagi prezidentlik saylovlarida amaldagi davlat rahbari Vladimir Putinga qarshi tverlik jurnalist Yekaterina Dunsova kurashishi mumkin. Kecha, 17 dekabr kuni Moskvada jurnalistning Rossiya Federatsiyasi prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilishini qo‘llab-quvvatlagan tashabbus guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbirda 700 dan ortiq odam ishtirok etgan bo‘lib, ulardan 522 nafari tashabbus guruhiga kiritilgan. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, bu guruhda kamida 500 kishi bo‘lishi kerak.
Mahalliy matbuotning yozishicha, tashabbus guruhi yig‘ilishiga ikki politsiyachi kelgan va moderator matbuotdan "siyosiy savollar bermaslikni" so‘ragan. Shuningdek, yig‘ilish chog‘ida zaldagi chiroqlar o‘chib qolgan va 15 daqiqadan so‘ng favqulodda vaziyatlar generatorlari ishga tushirilgan.
Dunsovaning shtab-kvartirasi bugun, 18 dekabr kuni hujjatlar to‘plamini tayyorlashni rejalashtirmoqda. Ertaga, 19 dekabrda esa u hujjatlarni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi. Agar bu bosqich o‘tib ketsa, 2024 yilning 25 yanvarigacha Dunsova o‘z nomzodini ko‘rsatish uchun Rossiya viloyatlari aholisidan kamida 300 ming imzo to‘plashi va ularning haqiqiyligini tekshirtirishi kerak.
Ma’lumot uchun, Yekaterina Dunsova 16 noyabr kuni prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyatida ekanini ma’lum qilgan. U o‘z qarorini so‘nggi o‘n yil ichida mamlakat noto‘g‘ri yo‘nalishda ketayotgani, rivojlanish emas, balki o‘z-o‘zini yo‘q qilish yo‘lida borayotgani bilan izohlagan. Dunsovaning veb-saytida aytilishicha, u urushlarni to‘xtatish, demokratik islohotlar va siyosiy mahbuslarni ozod qilish tarafdori.
O‘z nomzodini qo‘yish niyatini e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay, jurnalist prokuraturaga chaqirilgan. Dunsovaning so‘zlariga ko‘ra, u yerda jurnalistning Ukrainadagi janglarga munosabati bilan qiziqishgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiya Kengashi (senat) mamlakatda prezidentlik saylovlarini 2024 yilning 17 mart kuni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. RF Markaziy saylov komissiyasi esa ovoz berishni uch kun – 15, 16 va 17 mart kunlari davom ettirishga qaror qildi. Amaldagi Prezident Vladimir Putin ham saylovda ishtirok etishini bildirgan. Shuningdek, u saylovlar oldidan saylov kampaniyasini raqobat asosida o‘tkazish muhimligini ta’kidlagan.
LiveBarchasi