Jo‘rayevlar ishi: DNK ekspertizasi natijasi e’lon qilinishi mumkin
Madaniyat-san’at
−
20 avgust
35830Xabaringiz bor, bir necha oydan buyon Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida Jo‘rayevlar ishi ko‘rib chiqilmoqda. Ertaga, 21 avgust kuni ushbu ish doirasida navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Joriy yilning 2 may kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida da’vogar vakili Botir Qodirov haqiqatdan ham marhum san’atkor O‘zbekiston Respublikasi Xalq artisti Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li ekanini aniqlash maqsadida DNK ekspertizasi o‘tkazishni so‘rab sudga iltimosnoma bilan murojaat qilgan edi. Mazkur so‘rovga asosan sudya noma’lum muddatga sud majlisini qoldirgan.
Oradan 3 oydan ortiq vaqt o‘tib, sud majlisi 21 avgustga belgilandi. Tahririyatga ma’lum bo‘lishicha, galdagi yopiq sud majlisida sud tomonidan tayinlangan DNK ekspertizasi natijasi e’lon qilinishi mumkin. Sud yakuniy qarorni qachon e’lon qilishi hozircha ma’lum emas.
Jo‘rayevlar ishi
Botir Qodirov shu yilning fevral oyi boshlarida onasining sha’ni, or-nomusi va o‘zining qadr-qimmatini himoya qilish maqsadida otalik faktini belgilash uchun da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.
Mazkur ish 15 aprel kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida sudya O‘tanboyeva tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan. Biroq javobgar (Zohirshoh Jo‘rayev) vakili ish bilan tanishish uchun sudni boshqa kunga qoldirishni so‘ragan. Birinchi sud majlisi 23 aprel kuni bo‘lib o‘tdi. Bildirilishicha, sud majlisida da’vogar vakilining ko‘rsatmasi eshitilib, guvohlarni ishga jalb etish va qo‘shimcha dalillarni talab qilib olish uchun ishni ko‘rish yana 2 mayga qoldirilgan.
Da’vo arizasiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazining 2023 yil 29 sentyabrdagi mutaxassis fikri ilova qilingan. Unda Halimjon Nurmatov bilan Botir Sheraliyevich Qodirovning amaki-jiyan ekanligi bo‘yicha fikr berilgan.
Botir Qodirovning o‘zi Jo‘rayevlarni sudga berganiga Sherali Jo‘rayevning to‘ng‘ich o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayevning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga uni haqoratlab qo‘ygan posti sabab bo‘lganini aytdi.
Gap shundaki, xonanda Shohjahon Jo‘rayev o‘zining Instagram sahifasida Botir Qodirovga tegishtirib, noo‘rin so‘zlarni yozgan. Qodirovning prodyuseri Asror Isoxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu post sababli qo‘shiqchi marhum san’atkor Sherali Jo‘rayev oilasini sudga berishga majbur bo‘lgan.
QALAMPIR.UZ ushbu mavzuga oydinlik kiritish maqsadida Sherali Jo‘rayevning ukasi Halimjon Nurmatov bilan bog‘landi. Buni qarangki, u Botir Qodirov bilan amaki-jiyan ekanini aniqlash uchun DNK tekshiruvi o‘tkazilganini rad etgandi.
Xonanda Botir Qodirov QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida barcha savollarga javob berib, Sherali Jo‘rayev shubhasiz uning otasi ekani, xonanda 20 yoshga to‘lgunga qadar ota-bola juda ko‘p bordi-keldi qilib turgani, onasiga bo‘lgan tazyiqlar, unda otalik faktini isbotlovchi barcha dalillar borligini aytdi.