Jo‘rabek Rahimov ham Xorazm hokimi lavozimiga tasdiqlandi
Jamiyat
−
05 noyabr
4276Xorazm viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Jo‘rabek Rahimov xalq deputatlari viloyat Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasida yana ushbu lavozimga tasdiqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, sessiyada Jo‘rabek Rahimovich Rahimov Xorazm viloyati hokimi lavozimiga bir ovozdan tasdiqlangan.
Shuningdek, sessiyada viloyat saylov komissiyasi raisining joriy yil 27 oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylov yakunlari to‘g‘risidagi axboroti tinglangan. Unda 14-G‘ozovot saylov okrugidan saylangan deputat Altibay Begjanovich Rajabov xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi raisi etib saylangan. Shuningdek, sessiyada xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlari ro‘yxatdan o‘tkazilib, viloyat Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan.
Ma’lumot uchun, Jo‘rabek Rahimov 1981 yil Xorazm viloyati Shovot tumanida tug‘ilgan. U viloyat hokimligiga tayinlanishidan oldin Qo‘shko‘pir tumani hokimi bo‘lgan. Rahimov 2022 yil dekabrda Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi, 2023 yil mart oyidan buyon viloyat hokimi lavozimida ishlab kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Erkinjon Oqbo‘tayevich Turdimov Xalq deputatlari viloyat Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasida yana ushbu lavozimga tasdiqlangan edi.
LiveBarchasi