Jo‘loniy Makrondan taklifnoma oldi
Olam
−
06 fevral 2025 5706 2 daqiqa
Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning rasmiy taklifiga binoan yaqin haftalarda Parijga tashrif buyuradi. Bu haqda Suriya yetakchisi devoni Makron bilan bo‘lib o‘tgan telefon suhbati yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.
“Ahmad ash-Shara Fransiya Prezidentidan yaqin haftalarda Fransiyaga tashrif buyurish bo‘yicha taklif oldi”, deyiladi xabarda.
Devonga ko‘ra, Makron ash-Sharani prezidentlik lavozimiga kirishgani bilan tabriklab, Suriyaning o‘tish davrida to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
“Prezidentlar Suriyaning xavfsizlik muammolarini va uning barqarorligini saqlash yo‘lida hamkorlik zarurligini muhokama qiladi”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabrda Suriyada hokimiyatni egallagan Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) joriy yil 29 yanvar kuni mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti deb e’lon qilingandi. 2 fevral kuni u Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirdi. Mazkur tashrif doirasida u Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. 3 fevral kuni u Makka shahrida Umra ziyoratini amalga oshirdi. Unga Ka’ba eshiklari ham ochib berildi. Ash-Sharaning 2-xorijiy safari Turkiyaga bo‘ldi. Ash-Shara muzokaralar chog‘ida hukm surgan ijobiy atmosfera uchun Erdo‘g‘anga minnatdorlik bildirib, Turkiya Prezidentini eng qisqa vaqt ichida Suriyaga tashrif buyurishga taklif qildi.
Live
Barchasi