Jo‘loniy ilk xorijiy tashrifini Saudiyaga qildi (video)

Olam

image

Suriyaning yangi prezidenti Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) bugun, 2 fevral kuni Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirdi. Bu haqda “The Guardian” gazetasi xabar berdi.

Aeroportda u va tashqi ishlar vazirini Saudiya rasmiylari kutib oldi.

U Saudiya Arabistonida ikki kun qolishi va neftga boy qirollikning valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan uchrashishi kutilmoqda. Saudiya OAVlari xabarlariga ko‘ra, ikki yetakchi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash va Suriyaga nisbatan joriy etilgan xalqaro sanksiyalarni bekor qilish uchun qanday yordam olish mumkinligini muhokama qiladi. Tashrif haqida boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

29 yanvar kuni Suriyaning yangi hukumati vakillari va mamlakatda faoliyat yuritayotgan qurolli tuzilmalar rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ash-Shara o‘tish davrida Suriya prezidenti lavozimini egallashi ma’lum qilingan edi. Yangi rahbariyat 2012 yilgi konstitutsiya tugatilganini, parlament, armiya, barcha xavfsizlik kuchlari va qurolli tuzilmalar tarqatib yuborilganini e’lon qildi. Tayinlangan prezidentning vakolatlari Suriyada yangi konstitutsiya qabul qilingunga qadar amal qiladi.

Shuningdek, mamlakat hukumati sobiq prezident Bashar Asad davrida qabul qilingan ayrim qonunlarni bekor qildi. 8 dekabr Suriya tarixida “Buyuk Suriya inqilobi” g‘alabasi kuni deb e’lon qilindi.

Bundan tashqari, Suriyaning Ba’as partiyasi tarqatib yuborildi. U mamlakatda 1963 yildan 2024 yilgacha hukmron partiya bo‘lib kelgan. Ushbu partiyani boshqa nom ostida qayta tashkil etish taqiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, Suriyada hokimiyat almashinuvi 2024 yil 8 dekabrda sodir bo‘ldi. Sobiq prezident Bashar Asad mamlakatni tark etib, Rossiyaga qochib ketdi va u yerda siyosiy boshpana oldi. Mamlakatning yangi hukumati 29 yanvar kuni BMT bilan turli gumanitar masalalar bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini bildirgan hamda Damashqqa nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘ragan.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni Ahmad ash-Sharo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing