Julian Assanj va yana ikki “boshog‘riq” Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatildi

Olam

image

Nobel mukofoti sovrindori Meyrid Korrigan Julian Assanj, Chelsi Menning va Edvard Snoudenni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti uchun nomzod sifatida ilgari surdi. Bu haqda Korriganning Nobel qo‘mitasiga yuborgan xatida so‘z boradi.

“Uchalasi ham yakka tartibda Nobel mukofotiga da’vogar bo‘lgan, ammo hali ulardan hech qaysi biri bu mukofotni qo‘lga kiritmadi. Men uchchalasining nomini birlashtirib, nomzod sifatida ilgari surganim sababi oddiy: ular hokimiyatning noqonuniy xatti-harakatlarini yakka tartibda fosh qilib, cheksiz jasorat namunalarini namoyish etdi... Ular o‘z hayotini xavfga qo‘ygani va fidoyiligi inson ruhining buyukligini namoyish etmoqda”, deb yozadi Korrigan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada qamoqda saqlanayotgan Assanjni London sud 4 yanvar kuni AQSHga ekstraditsiya qilishdan bosh tortganiga qaramay, xavf mavjudligicha qolmoqda. Va Assanj AQSHda “shafqatsiz, kamsituvchi, g‘ayriinsoniy munosabatlarga” duch kelishi, hatto o‘limga mahkum etilishi ham mumkin. 

“AQSHning sobiq Prezidenti Barak Obama tomonidan afv etilguniga qadar Assanjga ma’lumot uzatgani uchun AQSH qamoqxonasida yetti yil o‘tirgan Chelsi Menning (sobiq Bredli Menning) ham Assanjga qarshi ko‘rsatma berishdan bosh tortgani uchun panjara ortiga tushdi”, deya qo‘shimcha qilgan Korrigan.

Korriganning xatida AQSH razvedka xizmatining keng ko‘lamli maxfiy kuzatuv dasturlarini ochib bergan Snouden ham tilga olinib, uning Rossiyada boshpana topgani va umrbod qamoq jazosi xavfi mafjudligi uchun vatani AQSHga qaytolmayotgani haqida so‘z borgan.

“Uchala tinchlik kurashchisi ham vijdonlariga ergashdi va o‘z vazifasini muhabbat bilan bajardi. Ishonchim komilki, qo‘rquv bo‘lgan... Lekin ularning har biri insonlarga xizmat qilib, ajoyib va ulug‘vor amallarga qo‘l urdi”, deyiladi Korriganning maktubida. 

Ma’lumot o‘rnida, Korrigan Shimoliy Irlandiyadagi mojaroni hal qilishdagi faoliyati uchun 1976 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan.


Maqola muallifi

Teglar

Julian Assanj Nobel' Edvard Snouden

Baholaganlar

101

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing