JSST vabo tarqalishining global xavfi haqida ogohlantirdi
Olam
−
07 avgust 2023
2836Yil boshidan buyon 25 ta davlatda vabo epidemiyasi qayd etilgan, bu 2022 yilning shu davriga nisbatan 9 taga ko‘p. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lum qildi.
Tashkilot ma’lumotnomasiga ko‘ra, yil boshidan 15 iyulgacha kamida 25 ta mamlakatda vabo kasalligi qayd etilgan. Tashkilot ushbu kasallikning dunyoda tarqalish xavfini juda yuqori deb baholagan.
"O‘tkir epidemiyalar soni va ularning geografik tarqalishi, shuningdek, vaksinalar va boshqa resurslarning yetishmasligini hisobga olgan holda, JSST global darajadagi xavfni juda yuqori deb hisoblashda davom etmoqda", deyiladi xabarda.
Tashkilotning qayd etishicha, El-Nino bilan bog‘liq bo‘lgan issiq suv harorati ham xolerani suv muhitida rivojlanishiga turtki berishi mumkin, bu esa vabo tarqalishi ehtimolini oshiradi.
Eng ko‘p kasallanish Afrikada kuzatilgan. Yil boshidan buyon Afrikaning 14 ta davlatida vabo kasalligi aniqlangan.
Kasallik Kongo Demokratik Respublikasi, Kamerun, Malavi, Mozambik, Somali, Efiopiya hamda Janubiy Afrika va boshqalarda qayd etilgan.
Suriyaning shimoli-g‘arbiy qismida 109 mingdan ortiq, shu mamlakatning qolgan qismida 74 mingdan ortiq, Afg‘onistonda 98 mingdan ortiq, Malavida 58 ming, Gaitida 55 mingga yaqin va Mozambikda 33 mingdan ortiq vabo kasalligiga chalinish holati aniqlangan.