Rossiya JSSTga Irkutskda o‘lat yo‘qligini ma’lum qildi
Olam
−
13:40 252 2 daqiqa
Kecha, 6 oktyabr kuni Rossiya hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga Sibirning Irkutsk shahrida o‘lat ilmiy-tadqiqot instituti laboranti vafot etganidan so‘ng o‘lat holatlari qayd etilmaganini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
JSST vakili Kristian Lindmayer kecha, 6 oktyabr kuni Jenevadagi brifingda tashkilot so‘roviga Rossiya hukumatining rasmiy javobini o‘qib eshittirgan.
“Rossiya Federatsiyasining Irkutsk shahrida ushbu xavfli kasallikning birorta ham holati qayd etilmagan”, deyiladi javobda.
Lindmayerning so‘zlariga ko‘ra, marhuma bilan muloqotda bo‘lganlarning barchasi aniqlangan va nazorat ostida. Shu vaqtgacha ularning hech birida kasallik simptomlari paydo bo‘lmagan. JSST Irkutsk uchun xavfni “o‘rtachadan pastgacha”, Rossiyaning qolgan hududlari uchun – “past”, Yevropa uchun esa – “juda past” deb baholagan.
Kecha, 6 oktyabr kuni Rospotrebnadzorning hududiy boshqarmasi internetda tarqalayotgan Irkutsk viloyatida kuchaytirilgan sanitariya-epidemiologiya rejimi va qa’tiy cheklovlar joriy etilgani haqidagi hujjatni rad etgan. Idora bunday qarorlar qabul qilinmaganini bildirgan. Viloyatda, Irkutsk va Shelexovda vaziyat osuda ekani aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 2 oktyabrga o‘tar kechasi Shelexov tuman shifoxonasida o‘latga qarshi institutda ishlagan 28 yoshli Darya Shipilova vafot etgandi. OAV uning o‘limini o‘pka o‘lati bilan zararlanishga bog‘ladi. 1 oktyabr kuni shifoxonaning bir nechta bo‘limlarida bemorlarni qabul qilish va chiqarish to‘xtatildi. Ayol bilan muloqotda bo‘lgan 197 kishi tibbiy nazoratga olindi.
4 oktyabr kuni Rospotrebnadzor xodimda noaniq etiologiyali pnevmoniya – kelib chiqishi aniqlanmagan o‘pka yallig‘lanishi bo‘lganini ma’lum qildi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, uning tahlillarida kasbiy faoliyati bilan bog‘liq mikroorganizmlar topilmagan. Ayol bilan muloqotda bo‘lganlarda COVID-19 va rinovirus infeksiyasining ikkitadan holati aniqlangan. Boshqa qo‘zg‘atuvchilar topilmagan.
6 oktyabr kuni Shelexov tumani rahbari o‘rinbosari Yelena Sofina “xavfli tashxis” tasdiqlanmaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ehtiyot chorasi sifatida karantinga joylashtirilgan odamlarning 60 foizi allaqachon qo‘yib yuborilgan. Mahalliy OAV avvaliga cheklovlar 200 ga yaqin kishiga ta’sir qilganini xabar qilgan edi.
Irkutsk viloyatidagi o‘lat haqidagi xabarlar fonida Markaziy Osiyo mamlakatlari chegarada sanitariya nazoratini kuchaytirishni boshladi. Rossiya bilan quruqlikdagi chegarasiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston hukumati bunday choralarni 3 oktyabr kuni joriy etdi. So‘ngra Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham kuchaytirilgan sanitariya-karantin nazoratini o‘rnatdi.
Live
Barchasi