JSST Turkmanistonga guruh yubordi. Mamlakatda koronavirus bor-yo‘qligi tekshiriladi
Olam
−
06 iyul 2020
10746Butun dunyoni egallab olgan yangi turdagi koronavirus COVID-19 infeksiyasi Turkmanistonga kirib bormagan. “Arqadag‘” hokimiyati 4 oydirki, butun dunyoni ushbu faktga ishontirishga harakat qilib kelmoqda. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida karantin cheklovlari joriy qilinib, maska taqish asosiy majburiyat etib belgilangan bir vaqtda, Turkmanistonda maska taqmaganlik uchun emas, aksincha, taqqanlik uchun javobgarlik e’lon qilindi.
Turkmaniston mamlakat ichkarisida koronavirus aniqlamaganiga jamoatchilikni va xalqaro tashkilotlarni ishonitirishga harakat qilib kelayotgani ortidan bugun, 6 iyul kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti vakillari ushbu davlatga yo‘l oldi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropadagi mintaqaviy direktori Xans Kluge Twitter’dagi sahifasi orqali JSST vakillari Turkmanistonga ketayotganini ma’lum qildi.
Oxirgi 4 oy ichida Turkmanistonda koronavirusga chalinish holatlari aniqlangani haqida OAV orqali bir necha xabarlar e’lon qilindi. Bulardan oxirgisi “Xroniki Turkmenistana”ning xabari bo‘lib, unda yozilishicha, poytaxt Ashxobodda 6 kishida koronavirus aniqlangan.
“Ashxoboddagi S.A.Niyozov nomidagi Turkmaniston davolash-maslahat markazining olti nafar xodimi COVID-19 infeksiyasiga chalingan. Ularning uch nafari o‘rtacha og‘ir ahvolda”, deyiladi xabarda.
Markazda yuqumli kasalliklar bo‘limi bo‘lmagani uchun, bemorlarning bir qismi Cho‘ganlidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ko‘chirilgan. Qolganlar esa Ahal viloyatida oldindan tayyorlangan karantin markaziga joylashtirilgan.
Qayd etish kerakki, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi brifing va seminarlarda mamlakatda koronavirus yo‘qligini ta’kidlab kelyapti. Qolaversa, mamlakat xalqaro tashkilotlarning tekshiruvlarini ham paysalga solib kelayotgan edi.
LiveBarchasi