JSST G‘azodagi shifoxonaga qilingan hujumdan xavotirda

Olam

image

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus G‘azo sektoridagi saraton kasalligini davolash bilan shug‘ullanadigan yagona muassasasi bo‘lgan Turk-Falastin Do‘stlik shifoxonasiga uyushtirilgan havo hujumining o‘ta tashvishli ekanini aytdi. Bu haqda u X’dagi o‘z sahifasida yozdi.

"G‘azoda saraton kasalligi davolanadigan asosiy muassasaga havo hujumi uyushtirilgani haqidagi xabar juda tashvishli. Saratonga chalinganlar shusiz ham zaif, shuning uchun ularga kerakli yordamni ko‘rsatish uchun hamma narsani qilish kerak. Bu haqiqatan ham hayot-mamot masalasidir”, degan JSST Bosh direktori.

Qayd etish joizki, 30 oktyabr kuni Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi saraton kasalligiga chalinganlar davolanadigan Turkiya-Falastin do‘stlik shifoxonasiga hujum qilgan. Shifoxona direktori Subhi Suqeykning ma’lum qilishicha, G‘azo Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga tegishli bo‘lgan ushbu muassasa juda katta zarar ko‘rgan.

"Isroil samolyotlari G‘azo sektoridagi saraton kasallari uchun yagona shifoxonani bombardimon qildi va jiddiy zarar yetkazdi. Bomba portlashi ba’zi elektromexanik tizimlarning ishdan chiqishiga sabab bo‘ldi, bemorlar va tibbiyot xodimlarining hayotini xavf ostiga qo‘ydi", deydi Suqeyk.

Shuningdek, u shifoxonaning uchinchi qavatida sodir bo‘lgan yong‘inni o‘chirish qiyin bo‘lganini qo‘shimcha qilgan. Doktorning aytishicha, Isroil armiyasi shifoxona atrofidagi hududni bir necha bor o‘qqa tutgan.

“Bosqinchi kuchlar saraton kasalligiga chalinganlarni dori-darmon olish va davolanish uchun sayohat qilish imkoniyatidan mahrum qilib, azobini oshiribgina qolmay, shifoxona atrofidagi hududlarni o‘qqa tutib, ularning hayotini xavf ostiga qo‘ygan”, deydi Subhi Suqeyk. 

Ma’lumot uchun, Turk-Falastin do‘stlik shifoxonasi G‘azo sektorining sharqida joylashgan. U Turkiya tomonidan 34 800 kvadrat metr maydonda qurilgan. 3 qavatli shifoxona 180 bemor uchun mo‘ljallangan. Uning qurilishi 2017 yilda yakunlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 oktyabr kuni tunda G‘azo sektoridagi “Al-Ahli” shifoxonasiga ham aviazarba berilgan va oqibatda ko‘plab tinch aholi halok bo‘lgandi. 27 oktyabrda esa Falastin Qizil yarim oy jamiyati G‘azo sektori janubidagi “Al-Quds” va “Al-Amal” shifoxonalari yoqilg‘i yetishmasligi sababli 24 soat ichida yopilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

JSST shifoxona G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made