Jonson Britaniya Bosh vazirligi uchun kurashda kimni qo‘llashini aytdi
Olam
−
11 iyul 2022
8389Buyuk Britaniyaning iste’foga chiqishini e’lon qilgan Bosh vaziri Boris Jonson mamlakat hukumatiga boshchilik qilishga da’vogar hech bir nomzodni qo‘llab-quvvatlamasligini, chunki kimningdir imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarish niyatida emasligini ma’lum qildi.
“Kurash ketyapti... Men o‘z qo‘llovimni taklif qilib, kimningdir imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarmoqchi emasman”, deya Jonsonning so‘zlarini keltirgan “Sky News”.
Ma’lumot uchun, hozirgacha Britaniya Bosh vaziri lavozimi uchun amaldagi TIV rahbari Liz Trass, parlament a’zosi Rexman Chishti o‘z nomzodini ilgari surdi. Birlashgan Qirollik Hukumati rahbari “kursi”siga sobiq TIV rahbari Jeremi Xant va sobiq Sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid ham da’vo qilmoqda.
2019 yilda Tereza Meyning o‘rniga Bosh vazir lavozimini egallagan Jonson 7 iyul kuni bosh vazirlik va Buyuk Britaniya Konservativ partiyasi rahbari lavozimini tark etishini e’lon qildi. U Vazirlar Mahkamasining yangi rahbari tayinlangunga qadar ishlashda davom etadi.
Britaniya Vazirlar Mahkamasidagi bir qator iste’folar o‘tgan hafta Boris Jonson hukumatidagi ikki muhim vazir – Moliya vaziri Rishi Sunak va Sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Jovidning iste’foga chiqishi bilan boshlandi. Shundan so‘ng turli vazirliklar rahbarlarining o‘rinbosarlari, jumladan, ayollar va tenglik masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Kemi Badenok iste’foga chiqdi.
LiveBarchasi