Jokovichning raketkasi kimoshdi savdosida rekord narxga sotildi
Sport
−
13:07 542 1 daqiqa
Serbiyalik tennis afsonasi Novak Jokovichning 2012 yilgi Avstraliya ochiq chempionati finalida foydalangan raketkasi kimoshdi savdosida 540 000 dollarga sotildi. Bu haqda SCP Auctions xabar beradi.
2012 yilgi “Australian Open” finalida Jokovich ispaniyalik tennis yulduzi Rafael Nadalni 5 set natijasiga ko‘ra, 5/7, 6/4, 6/2, 6/7, 7/5 hisobida mag‘lub etgan va kortda jami 5 soat 53 daqiqa vaqt sarflagan. Bu “Katta dubulg‘a” finali tarixidagi eng uzun uchrashuv hisoblanadi.
ESPN ma’lumotlariga ko‘ra, bu narx kimoshdi savdosi tarixidagi tennis aksessuarlari uchun rekord hisoblanadi. Oldingi rekord 173 000 dollar bo‘lib, ispaniyalik Karlos Alkarasning 2023 yilgi Uimbldon finalida Jokovichni mag‘lub etib, turnirdagi birinchi sovrinini qo‘lga kiritish uchun ishlatilgan raketkaga tegishli edi.
Ma’lumot uchun, 38 yoshli Jokovich professional faoliyati davomida jami 24 ta “Katta dubulg‘a” turnirida g‘alaba qozongan (Avstraliya ochiq chempionatida 10 marta, Uimbldonda 7 marta, AQSH ochiq chempionati 4 marta, “Rolan Garros”da 3 marta). Bu erkaklar yakkalik bahslarida rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
Shuningdek, Jokovich Olimpiya chempioni (2024), Olimpiya bronza medali sovrindori (2008) va Devis kubogi (2010) sohibi ham hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 fevral kuni Jokovich “Australian Open” finalida Karlos Alkarasga mag‘lub bo‘lib, faoliyatida birinchi marta Melburnda turnirning hal qiluvchi o‘yinida yutqazgan edi.
Live
Barchasi