Jokovich ko‘z yoshlari bilan “US Open”dagi ishtirokini birinchi davradayoq yakunladi
Sport
−
12:12 343 2 daqiqa
Kecha, 31 avgust kuni Novak Jokovich “US Open” turniridagi ishtirokini birinchi davradayoq yakunladi. Serbiyalik tennischi dunyoning 49-raketkasi, argentinalik Mariano Navonega mag‘lub bo‘ldi.
4 soat 36 daqiqa davom etgan bahs besh setda yakunlandi. Dunyoning beshinchi raketkasi Jokovich Navonega 6/7 (5/7), 7/5, 6/4, 2/6, 1/6 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Bu Jokovichning “US Open” turniridagi birinchi davradagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi. Uning “Katta dubulg‘a” turniridagi birinchi davradagi so‘nggi mag‘lubiyati 2006 yilda Avstraliya ochiq chempionatida qayd etilgan. O‘sha paytda serbiyalik tennischi ATP reytingida 76-o‘rinda edi.
Ma’lumot uchun, 39 yoshli Jokovich hozirda ATP reytingida beshinchi o‘rinni egallab turibdi. Uning hisobida rekord darajadagi 24 ta “Katta dubulg‘a” unvoni bor. Mazkur mag‘lubiyatdan so‘ng serbiyalik tennischi 2018 yildan beri ilk bor dunyo reytingidagi kuchli o‘nlikdan chiqib ketadi.
Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Jokovich kortdagi deyarli har bir lahza unga og‘ir kechganini tan oldi. Bahs davomida u tibbiy tanaffus oldi. Beshinchi setda mag‘lub bo‘lganidan so‘ng esa tennischi ko‘z yoshlarini tiya olmadi.
“Kortdagi his-tuyg‘ular juda dahshatli edi. Afsuski, bu mavsumda deyarli har bir o‘yinda shu holat meni ta’qib qilmoqda. Qusish jiddiy muammoga aylandi. Keyin esa butun tanam ishdan chiqqandek bo‘ldi: tirishishlar, og‘riq. Oxir-oqibat belim, keyin yelkamda ham muammolar paydo bo‘ldi va o‘yinni g‘alaba bilan yakunlay olmadim”, deydi Jokovich.
Eslatib o‘tamiz, bu yilgi AQSH ochiq chempionatida o‘zbekistonlik tennischilar – Mariya Timofeyeva va Kamilla Raximova musobaqadagi ilk davrasini g‘alaba bilan boshlagandi. Musobaqa joriy yilning 13 sentyabrga qadar davom etadi.
Live
Barchasi